Rossiyalik bolalar yozuvchisining O‘zbekiston haqidagi ertak kitobi nashr etildi
Sentabr 04, 2026. 08:10 • 2 daq
• 211SANKT-PETERBURG, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan taniqli rossiyalik yozuvchi Kristina Kretovaning “Nedo sichqonchaning O‘zbekistondagi sarguzashtlari” nomli ertak kitobi nashr etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Loyiha rossiyalik adibaning o‘z mablag‘lari hisobidan to‘liq moliyalashtirildi. Raqamli rangli tasvirlar bilan boyitilgan va qattiq muqovada chop etilgan ushbu kitob 6 yoshdan katta bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 4 ming nusxada sotuvga chiqarildi.
Kitob konsepsiyasi bosh qahramon – Sankt-Peterburglik Nedo ismli sichqonchaning O‘zbekiston bo‘ylab qilgan sayohati atrofida qurilgan. Maʼrifiy xususiyatga ega bo‘lgan ertak syujetiga ekologik muammolar va madaniy merosni asrab-avaylash mavzulari singdirilgan.
Qahramonlarning sayohat yo‘nalishi mamlakatimizning Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari orqali o‘tib, kichik kitobxonlarni Buyuk ipak yo‘li tarixi, milliy taomlar va o‘zbek xalqining boy urf-odatlari bilan yaqindan tanishtiradi. Badiiy matn O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, nabotot va hayvonot olami haqidagi batafsil maʼlumotnomalar bilan to‘ldirilgan.
Kitobning rasmiy taqdimoti shu yil O‘zbek tili bayrami kuni arafasida Sankt-Peterburg shahridagi M.Yu.Lermontov nomidagi Bolalar kutubxonasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kristina Kretova – rossiyalik taniqli bolalar yozuvchisi, Katta Bolalar festivali va “Dunyo ezguligi yo‘lida” mukofoti laureati. Uning asarlarining umumiy tiraji 188 ming nusxadan oshadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

