Dohada “Ektashif: Uzbekistan” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi
Sentabr 04, 2026. 15:30 • 2 daq
• 129
DOHA, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. Dohadagi Islom sanʼati muzeyida O‘zbekistonning madaniy va badiiy merosiga bag‘ishlangan “ Ektashif: Uzbekistan ” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bu haqda “QNA”, “The Peninsula”, “Gulf Times”, “Marhaba”, “Al-Monitor” kabi nufuzli Qatar ommaviy axborot vositalarida maʼlum qilingan.
Ekspozitsiya Qatar muzeylari tomonidan Islom sanʼati muzeyi va Qatar Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda yetti nafar qatarlik rassomning 2025-yilda O‘zbekistonga uyushtirgan ijodiy safari taassurotlari asosida yaratilgan yangi asarlari namoyish etiladi. Ko‘rgazma 28-noyabrga qadar davom etadi.
Safar doirasida rassomlar Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib, tarixiy obidalar va anʼanaviy hunarmandchilik bilan tanishdi hamda o‘zbekistonlik ustalar bilan birga amaliy mahorat darslarida qatnashdi.
Taqdim etilgan asarlarda Temuriylar davri meʼmorchiligi, kulolchilik, to‘qimachilik anʼanalari va o‘zbek amaliy sanʼatining boshqa yo‘nalishlari o‘z ifodasini topgan.
Tashkilotchilar O‘zbekistonning qadimiy badiiy anʼanalari zamonaviy ijodkorlarni ilhomlantirishda davom etayotgani va ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy muloqot rivojiga hissa qo‘shayotganini taʼkidlamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi