O‘zbek shirinliklari mashhur yapon do‘konlarida sotila boshlandi

Oktabr 10, 2026. 10:00 • 2 daq

• 114
O‘zbek shirinliklari mashhur yapon do‘konlarida sotila boshlandi
O‘zbek shirinliklari mashhur yapon do‘konlarida sotila boshlandi
O‘zbek shirinliklari mashhur yapon do‘konlarida sotila boshlandi

TOKIO, 10-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Yaponiyadagi “Natural Lawson” savdo tarmog‘i do‘konlarida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qandolat mahsulotlari sotuvi boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu mahsulotlar Yaponiyadagi eng yirik savdo tarmoqlaridan biri hisoblangan “LAWSON”ning “NATURAL LAWSON” savdo do‘konlari orqali yapon iste’molchilariga taklif etilmoqda. “NATURAL LAWSON” do‘konlari salomatlik, go‘zallik, tabiiylik, sifat va ekologik tozalikni o‘zida mujassam etgan premium mahsulotlarga ixtisoslashtirilgan “LAWSON”ning maxsus brendi hisoblanadi.

“LAWSON” kompaniyasi dunyo bo‘ylab 25 mingta, Yaponiya bo‘ylab esa 15 mingdan ortiq savdo do‘koniga ega bo‘lib, unda 100 ming nafar xodim faoliyat yuritadi. “NATURAL LAWSON” mahsulotlarni tanlashda qat’iy sifat, xavfsizlik va ta’minot zanjiri talablariga amal qilishi bilan mashhur bo‘lib, ushbu tarmoqqa mahsulot yetkazib berish yetkazib beruvchilar uchun yuqori ishonch va xalqaro nufuz belgisi hisoblanadi.

Joriy yil aprel oyida Tokio shahrida o‘tkazilgan oziq-ovqat sanoati va ichimliklar sohasidagi xalqaro “Anuga Select Japan” ko‘rgazmasi doirasida elchixona tomonidan O‘zbekiston va Yaponiya savdo kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi tashkil etilgan edi.

Muzokaralar doirasida milliy qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Puffi Chocomallow” kompaniyasi hamda Yaponiyaning “VSP Co. Ltd.” savdo kompaniyasi o‘rtasida qandolat mahsulotlarini Yaponiyaga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

“VSP Co. Ltd.” kompaniyasi oziq-ovqat sohasida 20 yillik tajribaga ega bo‘lgan Yaponiyaning yirik savdo kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Uning asosiy faoliyati Yaponiya bozorini oziq-ovqat va qandolat mahsulotlari bilan ta’minlashdan iborat. Kompaniyaning Yaponiyaning “LAWSON”, “AEON”, “KALDI Coffee Farm”, “Shinanoya”, “Konokuniya”, “Waismart”, “Okinawa San-A”, “Izumi”, “Halloday”, “Marukyu”, “Yamaya” kabi yirik savdo tarmoqlari bilan shartnomalari mavjud.

Ushbu loyiha O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarining xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish, milliy brendni targ‘ib qilish hamda mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

2026-yilning yanvar–avgust oylarida Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 228,8 mln dollarni, shundan eksport 17,8 mln dollarni tashkil etdi. Oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 2,6 mln dollarni tashkil etib, 2025-yilning shu davriga nisbatan 7 barobarga oshgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish