Dushanbedan munosabat: Markaziy Osiyo o‘zini xavfsizlik va ishonch makoni sifatida dadil namoyon etmoqda
Oktabr 10, 2026. 09:10 • 2 daq
•
DUSHANBЕ, 10-oktabr. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidentining 7–9-oktabr kunlari Turkmanistonga amaliy tashrifi xususida fikr bildirdi:
– 8-oktabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi ushbu formatning istiqbollari borasidagi bahs-munozaralarga uzil-kesil nuqta qo‘ydi.
Ko‘z o‘ngimizda haqiqatan ham yangi va istiqbolli makromintaqa namoyon bo‘lmoqda. Unda “beshlik”ning suveren manfaatlari o‘rtasidagi muvozanat to‘liq saqlanib qolgan bo‘lib, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi strategik ko‘prik sifatida Ozarbayjon ham ushbu tuzilmaga uyg‘un tarzda qo‘shildi.
Bu shunchaki geografik hududning kengayishi emas, balki Markaziy Osiyoni Transkaspiy ko‘prigi va an’anaviy Yevroosiyo yo‘nalishlaridagi mavjud to‘siqlarni chetlab o‘tuvchi logistika koridorlari bilan uzviy bog‘lashdir.
Muloqot mazmuni va strategik yo‘nalishini hamon Toshkent belgilab bermoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqa barqaror rivojlanish bosqichiga yetgani hamda oddiy savdo-sotiqdan sanoat kooperatsiyasiga – barcha ishtirokchilar uchun umumiy maqsad va mayoqqa aylanishi lozim bo‘lgan “Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasiga o‘tayotganini yana bir bor yaqqol ko‘rsatib berdi.
O‘zbekistonning o‘z pozitsiyasi – ortiqcha byurokratlashtirish va qo‘shimcha tuzilmalar yaratishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyiliga sodiq qolayotgani muhim ahamiyatga ega. Ushbu format ortiqcha va murakkab milliy institutlarsiz, moslashuvchan hamda tushunarli bo‘lib qolishi darkor.
Mintaqaning xavfsizlik va ishonch makoni sifatida gavdalanishi mazkur yo‘nalishning mantiqiy davomiga aylandi. O‘zbekiston rahbarining 2027-yilda Toshkentda “Tinchlik va barqaror o‘zaro bog‘liqlik yo‘lidagi mintaqalararo muloqot: Markaziy Osiyo yondashuvi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi ham shundan dalolat beradi.
Maslahat uchrashuvi yakunlarining barcha ishtirokchilar tomonidan ijobiy baholanishi Yevroosiyo makoni yangi konfiguratsiyasining istiqboldagi rivojlanish vektorini ifodalaydi. Markaziy Osiyo va uning hamkorlari o‘zlarini xavfsizlik va ishonch makoni, “Shimol – Janub” va “Sharq – G‘arb” yo‘nalishlarida Yevroosiyoning ishonchli chorrahasi sifatida dadil namoyon etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi