O‘zbekiston mahsulotlari Yevropa ko‘rgazma maydonlarida keng namoyish qilinadi

Iyun 06, 2026. 15:00 • 2 daq

84
O‘zbekiston mahsulotlari Yevropa ko‘rgazma maydonlarida keng namoyish qilinadi

FRANKFURT-MAYN, 6-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi diplomatlari dunyoning eng yirik ko‘rgazma kompaniyalaridan biri – “Messe Frankfurt GmbH” vakili Katrin Ordnung bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida O‘zbekiston kompaniyalarining “Messe Frankfurt” maydonlarida tashkil etiladigan xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma va yarmarkalardagi ishtirokini kengaytirish, mamlakatimiz eksport salohiyatini Yevropa bozorida faol ilgari surish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Suhbatda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni to‘qimachilik, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, IT, tibbiyot va innovatsiyalar sohasidagi yetakchi tarmoq ko‘rgazmalariga jalb etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Bu kabi yirik tadbirlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, yangi sheriklar topish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim ko‘prik bo‘lishi ta’kidlandi.

Diplomatlar nemis tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay investitsiya muhiti haqida batafsil ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, Katrin Ordnung o‘zbekistonlik hamkorlar bilan aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. U “Messe Frankfurt” kompaniyasi O‘zbekiston ishbilarmon doiralarini Frankfurtda o‘tkaziladigan bo‘lajak yirik ko‘rgazma tadbirlari haqida muntazam xabardor qilib borishga va bu borada yaqindan ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Germaniyaning xalqaro ko‘rgazma maydonlarida yurtimiz kompaniyalari va milliy mahsulotlari ishtirokini ko‘paytirish hamda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida muntazam va tizimli aloqalarni saqlab turishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish