“Kyiv Diplomatic: O‘zbekistonda ipakchilik tarmog‘i nafaqat madaniy merosni saqlash, balki mamlakat iqtisodiyotida ham muhim o‘rin tutadi

Iyun 06, 2026. 13:30 • 2 daq

19
“Kyiv Diplomatic: O‘zbekistonda ipakchilik tarmog‘i nafaqat madaniy merosni saqlash, balki mamlakat iqtisodiyotida ham muhim o‘rin tutadi

KIYEV, 6-iyun. /“Dunyo” AA/. Ukrainaning ommabop “Kyiv Diplomatic” jurnali rasmiy internet-portalida O‘zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan “Pilladan matogacha: “Euronews” o‘zbek ipakchiligining tirik san’ati haqida” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada xalqaro “Euronews” yangiliklar portalining O‘zbekistondagi ipakchilik an’analari, ko‘hna hunarmandchilikning zamonaviy sharoitlarda rivojlanishi hamda ko‘p asrlik texnologiyalar va qo‘l mehnatining uyg‘unligiga bag‘ishlangan materiali sharhlangan.

Nashrda yozilishicha, ipak mato yaratilish jarayonining butun zanjiri — pillani qayta ishlashdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlar xalqaro ekspertlar e’tiborida bo‘ldi. Bu borada Farg‘ona vodiysidagi Marg‘ilon shahri asosiy markazlardan biri bo‘lib qolayotgani, bu yerda ko‘plab jarayonlar hanuzgacha qo‘lda bajarilishi va mahalliy korxonalarda ip tayyorlashdan tortib atlas va adras to‘qishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish sikli yo‘lga qo‘yilgani qayd etilgan. Matoga gul chizish va rang tanlash yuksak aniqlik hamda tajriba talab etishi, bu jarayonda malakali ustalar va dizaynerlar ishtirok etishi bayon qilingan.

“Kyiv Diplomatic” ipakchilik tarmog‘i nafaqat madaniy merosni saqlash, balki mamlakat iqtisodiyotida ham muhim o‘rin tutishini ta’kidlaydi. Xususan, Farg‘ona viloyatida yiliga qariyb 2900 tonna pilla yetishtirilib, to‘qimachilik, gilamdo‘zlik va hunarmandchilik sektorlari xomashyo bilan ta’minlanmoqda hamda tayyor mahsulotning salmoqli qismi xorijga eksport qilinmoqda.

Shuningdek, Buxoro shahrida ipak matolar zamonaviy dizaynerlik liboslari, poyabzal va aksessuarlar yaratishda asos bo‘layotgani, Xivada esa sayyohlar uchun ipak to‘qish va bo‘yash jarayonlari interaktiv shakldagi mahorat darslari orqali namoyish etilayotgani bildirilgan. Bunday yondashuv madaniy turizmni rivojlantirishga va mahalliy hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

“O‘zbekistonda ipakchilik muzey eksponati emas, balki zamonaviy sharoitlarga moslashib, izchil rivojlanayotgan tirik san’atdir. Tarmoq an’anaviy usullarni saqlagan holda, yangi texnologiyalarni joriy etmoqda va tarixiy meros hamda iqtisodiy imkoniyatlarning muvaffaqiyatli uyg‘unligini namoyish etmoqda”, — deya xulosa qilinadi Ukraina nashrida.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish