O‘zbekiston–Ozarbayjon oliy darajadagi sammiti yakunlandi
Avgust 24, 2026. 21:11 • 2 daq
• 6TOSHKENT, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ozarbayjonlik hamkasbi bilan tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma va salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi, qator qo‘shma loyihalarga start berildi. Yetakchilar ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Tashrif doirasida Ozarbayjon Prezidenti Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishdi. Davlat rahbarlari Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ochish va Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etish ishlarini boshlash marosimlarida ishtirok etdilar.
Bugun sammit Buxoroda davom etdi. Davlat rahbarlari rafiqalari bilan qadimiy shaharning tarixiy obidalarini tomosha qildilar.
Oliy martabali mehmonlarga Buxoro viloyatining raqamlashtirish, yengil va elektrotexnika sanoati kabi sohalardagi salohiyati haqida ma’lumot berildi.
Tadbirlar tugagach, Buxoro xalqaro aeroportida Prezident Ilhom Aliyev va rafiqasini Prezident Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kuzatib qo‘ydi.
Shu bilan davlatimiz rahbari Buxoroga safarini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

