Yangi Zelandiya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashga kirishdi
Avgust 24, 2026. 18:30 • 2 daq
• 144
VELLINGTON, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Yangi Zelandiya hukumati Avstraliyadan o‘rnak olib, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonun loyihasini tayyorlashga kirishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri rasmiy press-relizga tayanib.
“Onlayn xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, “Instagram”, “TikTok”, “Snapchat” va “Facebook” platformalari foydalanuvchilarning yoshini yuzga qarab aniqlash texnologiyalari va raqamli shaxsiy guvohnomalar yordamida tekshirishlari kerak bo‘ladi.
Talablarga rioya qilmagan kompaniyalar xalqaro daromadlarining 10 foizigacha jarimaga tortilishi mumkin. Platformalar voyaga yetmaganlar uchun xavflarni baholashi va ularni kamaytirish choralari haqida hisobot berishi shart.
Yangi Zelandiya bosh vaziri Kristofer Laksonning aytishicha, bolalarga yetkazilayotgan zararni e’tiborsiz qoldirish juda jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.
“Biz Yangi Zelandiya bolalariga yetkazilayotgan zararni shunchaki qabul qila olmaymiz”, dedi u ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning ruhiy salomatlik, uyqu va ta’lim uchun oqibatlari haqida gapirib.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan har uchinchi bola kuniga kamida besh soat ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazadi.
Ta’lim vaziri Erika Stenford mas’uliyat oilalarga emas, balki platformalarga yuklanishini ta’kidladi. “Bolalar, ularning ota-onalari yoki vasiylari uchun jarimalar ko‘zda tutilmagan”, dedi u.
Shu bilan birga, qonun loyihasining taqdiri noaniqligicha qolmoqda. Ehtimoliy taqiqni o‘rganish uchun bir yildan ortiq vaqt sarflanganiga qaramay, hukmron koalitsiyadagi hamkorlar – “New Zealand First” va “ACT” tashabbusga qarshi chiqdi. Ular bunday cheklovlarning samaradorligini shubha ostiga olishdi.
Xuddi shunday taqiq Avstraliyada o‘tgan yili kuchga kirgan. Mamlakat bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari va “zaif foydalanuvchilarga mo‘ljallangan algoritmlar” doirasida 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning “Facebook”, “Instagram”, “TikTok” va boshqa platformalarga kirishini chekladi.
Biroq avstraliyalik olimlarning iyun oyida e’lon qilingan ilmiy nashrda chop etilgan tadqiqoti taqiq o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini kamaytirgani haqida kam dalillarni aniqladi.
Shunga o‘xshash taqiq dunyoning boshqa mamlakatlarida ham joriy etildi. Masalan, Fransiya 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlagan birinchi Yevropa davlati bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi