Germaniya poytaxtida o‘zbek kashtachiligi bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi
Dekabr 28, 2025. 11:52 • 59 soniya
• 126BERLIN, 28-dekabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya poytaxtida o‘tkazilgan “Uyqash olamlar” ko‘rgazmasi doirasida nemis amaliy sanʼat muxlislari uchun o‘zbek kashtachiligi hunarmandlari bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Berlindagi “QGalerie” ko‘rgazmalar uyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda germaniyalik rassom va sanʼatkorlar, Gumboldt universiteti talabalari, sanʼat va hunarmandchilikka qiziquvchi jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda buxorolik taniqli kashtachi va tadbirkor Shahnoza Sharipova o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. U o‘zbek kashtachiligi va so‘zanalari tarixi, turli va hududlarda shakllangan yo‘nalishlari haqida to‘xtalib o‘tdi. So‘zanalarda o‘z ifodasini topgan ming yillik xalqimiz ijodkorlik qobiliyati haqida so‘zladi.
Ishtirokchilar yurtimizda ming yillik tarixga ega xalq hunarmandchiligi turlarini “Ustoz-shogird” anʼanalari asosida kelajak avlodga yetkazish, umuminsoniy boylik bo‘lgan qadimiy xalq ijodi namunalarini zamonaviy ruh asosida qayta jonlantirish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Tadbir davomida vatandoshlarimiz Zaynab Rasulova va Nilufar Sattarova tomonidan o‘zbek kashtachiligi bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi. Unda ishtirokchilar kashta va so‘zana tikish sir-asrorlaridan boxabar bo‘ldi.
“O‘zim ham tikishning har xil turlari bilan shug‘ullanaman. Endi o‘zbek kashtachiligi bo‘yicha ham mahoratimni oshirmoqchiman. Bunday tarixiy anʼanalar yo‘qolib ketmasdan ularni kelajak avlodga yetkazish juda muhim”, - deydi tadbir mehmoni Katya Klaynke.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


