O‘zbekiston va Rossiyaning Primorsk o‘lkasi savdo uylari va taqsimot markazlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda
Oktabr 18, 2026. 16:30 • 2 daq
• 112VLADIVOSTOK, 18-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida Rossiyaning Primorsk o‘lkasi delegatsiyasi Farg‘ona va Toshkent shaharlariga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Delegatsiya tarkibidan Primorsk o‘lkasining xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Konstantin Sidorenko, sanoat va savdo vaziri Sergey Kalitin, turizm vaziri Natalya Naboychenko hamda tadbirkorlar o‘rin oldi. Safar davomida O‘zbekiston davlat idoralari va ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashuvda viloyat mahsulotlarini Rossiya bozoriga yetkazib berishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Primorsk o‘lkasida savdo uyi va savdo-taqsimot markazini tashkil etish, Farg‘ona va Primorsk o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish, logistika, turizm va gumanitar aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar hamkorlik memorandumini imzolash va 2027-yilda Primorsk o‘lkasida Farg‘ona viloyati madaniyati kunlarini o‘tkazish imkoniyatlarini muhokama qildi.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan muzokaralarda Primorsk o‘lkasida o‘zbek savdo uyi, savdo-taqsimot markazi va ko‘rgazma savdo maydonchasini tashkil etish xususida so‘z yuritildi.
Milliy mahsulotlar yarmarkalarini o‘tkazish, o‘zaro biznes-missiyalar tashkil etish va Vladivostokda biznes-forum o‘tkazish bo‘yicha fikr almashildi. O‘zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokida quyosh panellari va ayrim elektrotexnika mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Delegatsiya vakillari “Uzum Market” onlayn savdo platformasi mas’ullari bilan uchrashdi. Suhbat davomida Primorsk tadbirkorlari mahsulotlarini ushbu platforma orqali sotish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib olindi. Bunda dengiz mahsulotlari, biologik faol qo‘shimchalar, moylar, maishiy kimyo vositalari va boshqa nooziq-ovqat mahsulotlarini sotishga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif doirasida “Xemiks grupp” kompaniyasi rahbarining Farg‘ona viloyatidagi beton konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxonalarga tashrifi tashkil etildi. U “Besh Bola Beton”, “Hadid Beton”, “Turon Beton” va “Megabeton” korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Muzokaralar chog‘ida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, o‘zbek mahsulotlari eksportini oshirish hamda qo‘shma sanoat loyihalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

