2026-yilda O‘zbekiston respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda

Iyun 08, 2026. 20:10 • 3 daq

16
2026-yilda O‘zbekiston respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda

TOSHKЕNT, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilda respublika oliygohlarini 320 ming nafar talaba bitirishi kutilmoqda.

So‘nggi yillarda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘lami sezilarli kengaygani tufayli mehnat bozoriga kirib kelayotgan bitiruvchilar soni ham ortib bormoqda.

Ularning bandligini ta’minlashda bitiruvchilar bilan individual ishlash, ularni iqtisodiyot tarmoqlaridagi bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, oliygohlarda karyera markazlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Bitiruvchilarning tadbirkorlik loyihalarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish bo‘yicha “Kelajakka qadam” dasturi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning doirasida 2025-yilda 6 mingdan ortiq loyihalar uchun 378 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Buning natijasida 8 ming nafarga yaqin bitiruvchilarning bandligi ta’minlandi.

Taqdimotda 2026-yilda 8 mingdan ziyod loyihalarni moliyalashtirish uchun 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish, 10 mingga yaqin yoshlarni band qilish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.  

Mazkur dasturni unda ishtirok etuvchi tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha moliyaviy imkoniyatlar taqdim etish orqali yanada kengaytirish taklif etildi.

Shuningdek, “TalabaExpo-2026” kasb ko‘rgazmalarini ish beruvchi tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlarini faol jalb etgan holda respublikaning boshqa hududlarida ham samarali tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bitiruvchilar bandligini ta’minlashda vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, yirik xo‘jalik birlashmalari mas’uliyatini oshirish muhimligi qayd etildi.

Barcha jarayonlar bandlikka ko‘maklashuvchi “career.edu.uz” platformasi orqali monitoring qilinib, bandlikni ta’minlash masalasi mahalliy hokimliklar darajasigacha tushiriladi. Natijada bitiruvchilar bilan ishlashning vertikal tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, talabalarni ish bilan band qilishda oliygoh darajasida ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi.

Jumladan, barcha oliygohlarda karyera markazlari faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilib, natijadorligiga qarab rag‘batlantirib boriladi. Markazlar faoliyati “Bitiruvchi sifati indeksi” orqali baholanib, eng yuqori natija ko‘rsatgan 20 ta oliygohning karyera markazlariga 500 million so‘mdan ajratiladi.

Joriy yilda oliygoh miqyosida 360 ta, fakultetlar miqyosida 750 ta mehnat yarmarkalari hamda har bir yo‘nalish kesimida mingdan ortiq ish beruvchilar bilan uchrashuvlar (vorkshoplar) tashkil etiladi.

Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab talabalarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni biznes yuritish uchun mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida barcha oliygohlarda “Tadbirkorlik asoslari” fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, oliygohlarda talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tashkil etiladigan spin-off korxonalariga talabalarni jalb etish, kafedralarning tegishli tarmoq korxonalarida filiallarini ochish, bitiruv loyihalari himoyasini ish beruvchi korxonalarda o‘tkazishni kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi.

Aniq buyurtma, moslashuvchan dasturlar asosida kadrlar tayyorlashga qaratilgan maqsadli dual ta’lim shaklini ham yo‘lga qo‘yish tashabbusi bildirildi.

Bunda talabgorlarni dasturga qabul qilish, to‘lov-kontrakt miqdorini belgilash ish beruvchi hamda oliygoh o‘rtasida o‘zaro kelishuvga ko‘ra amalga oshirilib, buyurtmachi talaba o‘qishni tamomlaganidan so‘ng uni ish bilan ta’minlashga kafolat beradi.

Taklif qilingan chora-tadbirlar ijrosini sifatli tashkil etishda oliygohlar rahbariyatining mas’uliyatini oshirish, ularning “KPI” ko‘rsatkichlarida bitiruvchi bandligining ta’minlanganini asosiy mezon sifatida belgilash zarurligi qayd etildi.

Prezidentimiz mutasaddilarga bitiruvchilar bilan ishlashni samarali tashkil etish, bildirilgan tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishda barcha imkoniyatlarni safarbar etish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish