“Rzeczpospolita” gazetasi: “Ayritom” ESZ O‘zbekiston mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaning muhim drayveriga aylanmoqda
Iyun 08, 2026. 19:55 • 2 daq
• 23
VARSHAVA, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. Polshaning nufuzli “Rzeczpospolita” gazetasida “Ayritom” erkin savdo zonasi (ESZ)ning xalqaro ahamiyatiga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyo va uning atrofidagi iqtisodiy landshaftga faol ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy kuch sifatida maydonga chiqmoqda. Buning yaqqol isboti bo‘lgan Termizdagi erkin savdo zonasi Afg‘onistonni xalqaro savdo zanjirlariga siyosiy xavflarsiz integratsiya qilishda muhim “iqtisodiy ko‘prik” vazifasini o‘tamoqda. Loyihaning imkoniyatlari xalqaro miqyosda ham yuqori baholanmoqda.
Polsha gazetasi ikki tomonlama savdo hajmi keskin oshganiga alohida e’tibor qaratgan: 2025-yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,7 milliard dollarni tashkil etdi, bu esa 2021-yilga nisbatan 250 foizlik o‘sishni anglatadi.
Ayni paytda Afg‘oniston o‘zbek mahsulotlari uchun to‘rtinchi eng yirik bozorga aylandi. Ikki davlat mazkur ko‘rsatkichni joriy o‘n yillik yakuniga qadar 5 milliard dollarga yetkazish, yengil sanoat, to‘qimachilik va charm-poyabzal sohalarida qo‘shma ishlab chiqarish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Yevropa Ittifoqi va, xususan, Polsha kompaniyalari uchun Termizdagi ushbu majmua shunchaki mahalliy loyiha emas, balki Afg‘oniston va Pokiston kabi Janubiy Osiyoning yirik bozorlariga xavfsiz va barqaror muhitda kirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Maqola xulosasiga ko‘ra, logistika, qurilish, mashinasozlik va agrosanoat sohalarida ilg‘or texnologiyalar hamda ekspertlik tajribasiga ega Polsha biznesi uchun “Ayritom” zonasi yaqin kelajakda Yevropa kompaniyalarining yangi bozorlarni o‘zlashtirishidagi eng istiqbolli sarmoyaviy darvozalardan biriga aylanishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi