Gruziyada yangi o‘quv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalarida o‘qish bepul bo‘ladi
Avgust 06, 2026. 11:30 • 2 daq
• 70
TBILISI, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab Gruziya davlat universitetlarida talabalar uchun taʼlim to‘liq bepul bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Gruziya Birinchi kanalining xabar berishicha, hukumat taʼlim to‘lovini bekor qilish bilan bir vaqtda talabalarning akademik o‘zlashtirishi va taʼlim jarayonidagi ishtirokini oshirishga qaratilgan mexanizmlarni joriy etmoqda.
Hukumat rahbarining taʼkidlashicha, agar talaba bir semestr davomida ikkita fanni o‘zlashtira olmasa, bu uning o‘quv jarayonida yetarlicha ishtirok etmagani sifatida baholanadi. Bunday holda, uchinchi semestrdan boshlab uning taʼlimini davlat tomonidan moliyalashtirish hajmi qisqartiriladi.
Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim yagona maqsadni ko‘zlaydi – talabalarni o‘qishga yanada masʼuliyat bilan yondashishga rag‘batlantirish hamda akademik o‘zlashtirishning yuqori darajasini saqlab qolish. Shu bilan birga, u Gruziya tarixida ilk bor davlat universitetlarida taʼlim to‘liq bepul bo‘lishini taʼkidlab o‘tdi.
Gruziya Milliy statistika xizmati (Geostat) maʼlumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida mamlakatda 64 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan, ulardan 19 tasi davlat, 45 tasi esa xususiy hisoblanadi. Talabalarning umumiy soni 195,4 ming kishini tashkil etib, ularning 55,3 foizi davlat oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda.
Ekspertlarning fikricha, Gruziya davlat universitetlarida bepul oliy taʼlimni joriy etish to‘g‘risidagi qaror taʼlim olish imkoniyatini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan. Ayni vaqtda hukumat davlat moliyalashtirishini talabalarning o‘zlashtirishi va o‘quv jarayonidagi faol ishtirokiga bog‘lagan holda yuqori akademik standartlarni saqlab qolish niyatida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi