Qo‘qon YUNESKOning Media va axborot savodxonligi bo‘yicha Global alyansiga qo‘shildi
Avgust 06, 2026. 12:30 • 2 daq
• 109
PARIJ, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. Qo‘qon shahri YUNESKOning Media va axborot savodxonligi bo‘yicha Global alyansiga qo‘shilishi rasman eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
YUNESKOning Media va axborot savodxonligi bo‘yicha Global alyansi media va axborot savodxonligini rivojlantirish sohasida tajriba, bilim va amaliy yondashuvlarni almashish uchun muhim xalqaro platforma hisoblanadi.
Alyans davlat tuzilmalari, taʼlim va ilmiy muassasalar, kutubxonalar, muzeylar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, yoshlar birlashmalari va boshqa manfaatdor tomonlarni birlashtirib, raqamli ko‘nikmalarni, axborot bilan ishlash madaniyatini rivojlantirishga hamda zamonaviy taʼlim va maʼrifiy resurslarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashadi.
YUNESKOning rasmiy xatida Qo‘qon shahrining YUNESKOning Media va axborot savodxonligi bo‘yicha Global alyansida ro‘yxatdan o‘tgani tasdiqlangan va shaharning ushbu xalqaro platformadagi ishtiroki qutlangan.
Ushbu qaror O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz shaharlarining xalqaro aloqalarini kengaytirish, ularning madaniy-maʼrifiy salohiyatini ilgari surish, inson kapitalini, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, yoshlar siyosati, taʼlim va maʼrifat sohalarini takomillashtirish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan izchil ishlarning amaliy natijasi bo‘ldi.
Shaharning Alyansdagi ishtiroki xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy shaharlar va ekspertlar hamjamiyati bilan tajriba almashish, YUNESKOning sohaviy uslubiy materiallaridan foydalanish, shuningdek, media va axborot savodxonligi sohasidagi mahalliy tashabbuslarni ilgari surish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.
Shu munosabat bilan Qo‘qon tanqidiy fikrlash, raqamli madaniyat, axborotga masʼuliyatli munosabatda bo‘lish hamda fuqarolarning, eng avvalo, yoshlarning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini rivojlantirishga qaratilgan maʼrifiy, interaktiv va madaniy tadbirlarni amalga oshirishda o‘zining boy tarixiy-madaniy, taʼlimiy va jamoatchilik salohiyatidan samarali foydalanishi mumkin.
Qo‘qonning YUNESKOning Media va axborot savodxonligi bo‘yicha Global alyansiga qo‘shilishi, shuningdek, shaharni xalqaro MIL Cities harakatining faol ishtirokchilari qatorida pozitsiyalash hamda kommunikatsiya, axborot, taʼlim, madaniyat va shaharlarning barqaror rivojlanishi sohalarida YUNESKO bilan hamkorlikni mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi