Abu-Dabida Rossiya, AQSh va Ukraina o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralar yakunlandi
Yanvar 25, 2026. 15:20 • 2 daq
• 6
ABU-DABI, 25-yanvar. /“Dunyo” AA/. Abu-Dabida Rossiya, AQSh va Ukraina ishtirokidagi ikki kunlik uch tomonlama muzokaralar yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ishtirokchilarning bayonotlari va “BBC News”ning amerikalik va ukrainalik manbalari xabarlariga ko‘ra, muzokaralar urushning ehtimoliy tugashi parametrlari va muzokaralar jarayonining keyingi bosqichiga o‘tishga bag‘ishlangan.
Muzokaralarning asosiy mavzulari Rossiyaning hududiy daʼvolari, birinchi navbatda Donbassda; Zaporoje atom elektr stansiyasining maqomi va xavfsizligi; ikkala tomondan ham keskinlikni yumshatish bo‘yicha mumkin bo‘lgan qadamlar; kelishuvlarning bajarilishini, shu jumladan, AQSh ishtirokida xalqaro monitoring va nazorat qilish mexanizmlari.
Amerika rasmiylariga ko‘ra, muhokama istisnosiz barcha masalalar bo‘yicha olib borilgan, tomonlar murakkab mavzulardan qochmagan. AQSh vakillari Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining ishchi guruhlari o‘rtasida vositachilik qilishdi. Shu bilan birga, BAA rasmiylariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina vakillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy muzokaralar “urush tugashining mumkin bo‘lgan parametrlari”ga qaratilganini aytdi. U kelgusidagi kelishuvlar monitoringi va xavfsizlik masalalarida AQShning ishtiroki muhimligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan barcha jihatlar to‘g‘risida o‘z poytaxtlarida hisobot berishga kelishib oldi: uch tomonlama muzokaralar formatini davom ettirishga qaror qilindi. Shuningdek, Abu-Dabidagi muzokaralarning yangi bosqichiga tayyorlik tasdiqlandi.
AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning maʼlum qilishicha, muzokaralarning navbatdagi raundi kelasi haftaga rejalashtirilgan. “Axios” va “Reuters” maʼlumotlariga ko‘ra, uchrashuv 1 fevral kuni bo‘lib o‘tishi mumkin.
Qayd etilishicha, Abu-Dabidagi muzokaralar muloqotning keyingi bosqichiga qadam bo‘ldi va taraqqiyot davom etsa, Rossiya va Ukraina prezidentlarining uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish mumkin, u muzokaralarning navbatdagi raundidan keyin o‘tkazilishi mumkin.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
