Logo

Yaponiyalik tadbirkorlar O‘zbekistonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagini bildirmoqda

Yanvar 25, 2026. 12:14 • 2 daq

23
Yaponiyalik tadbirkorlar O‘zbekistonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagini bildirmoqda

ISTANBUL, 25-yanvar. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona Yaponiya tashqi savdo tashkilotining (JETRO) Istanbuldagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Turkiyada faoliyat yuritib kelayotgan yapon kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes-seminar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tadbirni o‘tkazishdan maqsad yapon biznes doiralari vakillariga O‘zbekistondagi investitsiya muhiti, iqtisodiy islohotlar, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari haqida batafsil maʼlumot taqdim etishdan iborat bo‘ldi.

JETROning Istanbuldagi vakolatxonasi rahbariyati bilan bo‘lgan muloqot jarayonida mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, yapon kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishini tashkiliy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, yapon ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etish va B2B uchrashuvlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Yapon tomoni maʼlumotiga ko‘ra, hozirgi vaqtda Yaponiya tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari orasida sarmoya kiritish uchun eng katta qiziqish aynan O‘zbekistonga bo‘lmoqda. O‘zbekiston Prezidentining yaqinda Tokioga amalga oshirgan tashrifi natijasida ushbu yo‘nalishdagi ishlar yana-da jadallashmoqda.

Diplomatlarimiz yaponiyalik ishbilarmonlarga O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, sohalar kesimidagi ustuvor yo‘nalishlar va amaliy hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan taqdimot namoyish qildi.

Turkiyada davom etayotgan inflyatsiya jarayonlari fonida mazkur mamlakatda faoliyat yuritib kelayotgan va seminarda ishtirok etgan yapon korxonalarining katta qismi O‘zbekistonda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish