O‘zbekiston vakillari Isroilda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha o‘quv kursida ishtirok etdi
Iyul 26, 2026. 16:30 • 2 daq
• 118
TEL-AVIV, 26-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston vakillari Isroil TIV huzuridagi Xalqaro rivojlanish va hamkorlik agentligi (MASHAV) tomonidan tashkil etilgan “Suv resurslarini barqaror boshqarish” mavzusidagi xalqaro o‘quv kursida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilar suvdan foydalanishga oid zamonaviy yondashuvlar, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, tozalangan oqova suvlardan qayta foydalanish, suv havzalarini boshqarish, suv toshqinlarining oldini olish, dengiz suvini chuchuklashtirish, shuningdek, Isroil suv sektorini davlat tomonidan tartibga solish tizimi bilan tanishdilar.
Kurs doirasida ishtirokchilar Isroilning yetakchi suv infratuzilmasi obyektlari, jumladan, “Mekorot” milliy suv kompaniyasi, ilmiy-tadqiqot va agrotexnologik markazlar, tozalash inshootlari, chuchuklashtirish qurilmasi, Isroil Suv resurslari boshqarmasi, shuningdek, suv ta’minoti, irrigatsiya va suvdan qayta foydalanish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etayotgan qator korxona va tashkilotlarda bo‘ldilar.
O‘zbekiston vakillarining MASHAV ta’lim dasturlarida ishtirok etishi mamlakatimiz mutaxassislarining kasbiy bilimlarini kengaytirish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish hamda suv resurslarini samarali boshqarish sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi