Misr matbuoti: O‘zbekistonning Markaziy Osiyo hamkorligini rivojlantirishdagi roli tobora yuksalib bormoqda
Iyul 27, 2026. 12:00 • 2 daq
• 49
QOHIRA, 27-iyul. /“Dunyo” AA/. Misrning “Sada al Balad” nashrida O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikning yangi formatlarini rivojlantirishdagi o‘rniga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlanishicha, 2025-yil noyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjonning mintaqaviy muloqotda to‘laqonli ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maslahat formatini kotibiyatga ega strategik “Markaziy Osiyo hamjamiyati”ga aylantirishni taklif qilgan. Davlat rahbari tomonidan O‘zbekistonning 2035-yilgacha mo‘ljallangan mintaqaviy savdo dasturini ishlab chiqish va umumiy investitsiya makonini tashkil etish tashabbuslar ilgari surilgan.
Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan o‘zaro savdo hajmi 2025-yilda 8,3 milliard dollarga yetgan. Ozarbayjon bilan tovar ayirboshlash esa 2017-2025-yillar davomida 9,5 barobar oshib, 307,3 million dollarni tashkil etgan.
Kaspiy dengizi va Ozarbayjon orqali o‘tuvchi O‘rta yo‘lakka Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlariga chiqishning muqobil transport yo‘nalishi sifatida alohida eʼtibor qaratilgan. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilga borib yo‘lak bo‘ylab yuk oqimi uch baravar oshishi, yetkazib berish vaqti esa ikki baravar qisqarishi mumkin.
“Formatning kelgusi ahamiyati transport kun tartibining sanoat kooperatsiyasi, xususan, yo‘lak bo‘ylab qo‘shma ishlab chiqarish hududlarini yaratish bilan qay darajada to‘ldirilishiga bog‘liq bo‘ladi”, – deya xulosa qilgan “Sada al Balad”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi