Logo

Anqarada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun iftorlik tashkil etildi

Mart 10, 2026. 09:19 • 2 daq

105
Anqarada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun iftorlik tashkil etildi

ANQARA, 10-mart. /“Dunyo” AA/. Turkiya poytaxtida “Renaissance Holding” kompaniyasining “Oy va yulduz qarorgohi” loyihasi bo‘yicha mehnat qilayotgan 220 nafar o‘zbekistonlik uchun iftorlik tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Iftorlik davomida Farg‘ona shahar imom-xatibi Jo‘rabek Rahmonov ishtirokchilarga mamlakatimiz rahbariyati tomonidan mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, xorijdagi vatandoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik haqida to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston diplomatlari ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning taklif va fikrlari, mavjud muammolarini tingladi. Vatandoshlar tomonidan mehnat sharoitlari, huquqiy jihatlari va konsullik xizmatlari faoliyatiga oid savollar o‘rtaga tashlanib, ularga atroflicha tushuntirish berildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga o‘zbek milliy taomlari tortildi Bunday uchrashuvlar vatandoshlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik muhiti yanada mustahkamlashi ta’kidlandi.

Yurtdoshlar mamlakat rahbariyati tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma'rifiy uchrashuvlar va iftorliklar, xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga milliy-diniy qadriyatlarni yetkazish maqsadida tashkil etilayotgan tadbirlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv yakunida mehmonlarga muborak Ramazon oyi munosabati bilan ezgu tilaklar izhor etilib, xorijda qonuniy va xavfsiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish, huquqiy himoya masalalari bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish