Misr turoperatorlari O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga katta qiziqish bildirmoqda
Mart 10, 2026. 10:03 • 2 daq
• 22
QOHIRA, 10-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Misrning “Higher Travel”, “Exotic Travel”, “Walla Travel”, “Sky Travel” va “Option Travel” kabi yetakchi sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar shunchaki rasmiy uchrashuv emas, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik oqimni tubdan jonlantirishga qaratilgan qizg‘in va strategik muloqot maydoniga aylandi.
Misrlik turoperatorlar yurtimizni nafaqat boy tarix va me’moriy obidalar maskani, balki bugungi kunda dunyo sayyohlik xaritasidagi eng shiddat bilan rivojlanayotgan va xavfsiz yo‘nalishlardan biri sifatida alohida e’tirof etdi.
Xususan, “Higher Travel” va “Option Travel” kompaniyalari rahbarlari O‘zbekiston hukumati tomonidan viza tizimining liberallashtirilishi talabning keskin ortishiga xizmat qilayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidladi. Ularning fikricha, mamlakatimizning betakror jozibasi va yuqori darajadagi servisni taklif eta olishi Misr bozori uchun mutlaqo yangi imkoniyatdir.
Uchrashuv davomida “Option Travel” va “Walla Travel” vakillari O‘zbekistonning ziyorat turizmi va madaniy merosiga bo‘lgan yuqori qiziqishni alohida qayd etib, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarga sayyohlar yuborishga tayyor ekanini bildirdi.
Shu bilan birga, misrlik hamkorlar mamlakatimizning zamonaviy qiyofasi – Toshkentning megapolis sifatidagi jozibasi, Amirsoy kabi jahon standartlaridagi tog‘-kurortlari va o‘zbek milliy taomlarining dong‘i Misrda haqiqiy brendga aylanib borayotganini ta’kidladi. Bu yo‘nalishlarni o‘z sayyohlik dasturlariga kiritishga katta qiziqish bildirdi.
Muloqot yakunida turoperatorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash uchun O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish, info-turlar tashkil etish va Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi