O‘zbek imomlari Boltiqbo‘yi davlatlari va Finlyandiyadagi vatandoshlar bilan uchrashdi
Mart 09, 2026. 16:35 • 3 daq
•RIGA, 9-mart. /“Dunyo” AA/. Shu yilning 2-8-mart kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari, imomlar Jamoliddin Kadirov va Abdulvoxid Xakimovning Latviya, Litva, Estoniya va Finlyandiyaga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tashrif davomida imomlar Boltiqbo‘yi davlatlari va Finlyandiyada yashovchi O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi.
O‘tkazilgan tadbirlar xorijda yashayotgan, mehnat qilayotgan va taʼlim olayotgan vatandoshlar o‘rtasida huquqiy ongni mustahkamlash, fuqarolik masʼuliyatini oshirish hamda milliy qadriyat va anʼanalarni targ‘ib qilishga qaratildi.
Latviyadagi “Riga Nordic Univercity”da bo‘lib o‘tgan maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvda 120 nafardan ortiq talaba va o‘zbek diaspora vakillari ishtirok etdi.
Suhbat davomida Jamoliddin Kadirov va Abdulvoxid Xakimov yoshlarning taʼlim jarayoniga masʼuliyat bilan yondashishi, darslarda muntazam qatnashishi, o‘qishga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi mehnat faoliyatidan tiyilishi, moliyaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishi hamda chet davlatning ichki va migratsiya qonunchiligi talablariga qatʼiy rioya qilishi borasida so‘z yuritdi.
Shuningdek, diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Tadbir ochiq muloqot shaklida o‘tdi. Diniy, maʼnaviy-maʼrifiy va konsullik masalalari bo‘yicha berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Tadbir yakunida talabalarga turli yod g‘oyalardan himoya qilish maqsadida diniy adabiyotlar va targ‘ibot materiallari topshirildi.
Delegatsiya aʼzolari Riga shahridagi vatandoshlar istiqomat qiluvchi “Vesta” va “Okey” mehmonxonalariga ham tashrif buyurdi. Mazkur sayyor tashrif davomida 40 nafarga yaqin vatandosh bilan suhbat o‘tkazildi. ular bilan Ramazon oyini munosib o‘tkazish, maʼnaviy-axloqiy meʼyorlarga rioya qilish hamda mehnat muhojirlari duch kelayotgan masalalar muhokama qilindi.
Vatandoshlar uchun “Toshkent” o‘zbek restoranida iftorlik dasturxoni tashkil etildi. Unda 50 nafardan ortiq diaspora vakillari, talabalar qatnashdi.
Litvaning Vilnyus shahridagi Islom madaniyati va taʼlimi markazida tashkilot rahbari Aleksandras Beganskas bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbir davomida mamlakatimizda diniy sohada olib borilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar, bu yilgi Ramazon oyini davlatimiz hududi va xorijda keng nishonlash bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlar xususida fikr yuritildi.
Aleksandras Beganskas xodimlari bilan birga O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi Imom al-Buxoriy ziyoratgohi ochilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarga taklif etildi.
Vilnyus shahridagi “Samarqand” restoranida o‘tkazilgan iftorlikda ellik nafarga yaqin yurtdoshlar hamda boshqa davlat fuqarolari ishtirok etdi. Shundang so‘ng, Vilnyusdagi Islom madaniyati va taʼlim markazi qoshidagi masjidda taroveh namozi o‘tkazildi.
Estoniyaning Tallin shahridagi Islom markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu davlatda istiqomat qiluvchi 40 nafarga yaqin vatandosh qatnashdi. Hamyurtlar bilan bo‘lgan suhbatda diniy meʼyorlarni to‘g‘ri anglash, radikal va buzg‘unchi talqinlarning oldini olish hamda moʻtadil va anʼanaviy islom qadriyatlarini saqlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. yurtdoshlarga diniy adabiyotlar va tarqatma materiallar taqdim etildi.
Finlyandiyadagi vatandoshlar istiqomat qiluvchi Xelsinki, Kerava va Vanta shaharlarida tashkil etilgan tadbirlarda hamyurtlarning ish faoliyati, yashash tarzi va boshqa yaratilgan imkoniyatlar haqida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan birga, Xelsinki islom madaniyati markazi rahbari Ramil Belyayev hamda Kerava islom madaniyati markazi yetakchisi Sharofiddin Muttavaliyev bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ular bilan ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Xelsinkidagi musulmonlar masjidida tashkil etilgan uchrashuvda 50 nafardan ortiq vatandosh ishtirok etdi. Uchrashuvlar davomida ularga sof islomiy anʼanalar va ekstremistik g‘oyalar taʼsiriga tushib qolmaslik bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




