“The Gulf Observer”: Amir Temur va Temuriylar merosi dunyo eʼtirofida
Aprel 16, 2026. 10:22 • 2 daq
• 196
ISLOMOBOD, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Gulf Observer” elektron nashrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman haqida maqolani eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Toshkent shahrida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Amir Temur va Temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi, – deyilgan maqola avvalida. – Ushbu nufuzli anjuman Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazildi”.
Nashrda yozilishicha, ushbu xalqaro ilmiy-amaliy anjuman milliy merosni chuqur o‘rganish, uni jahon miqyosida keng targ‘ib qilish hamda Temuriylar davri ilmiy-maʼnaviy yutuqlarini zamonaviy ilm-fan nuqtai nazaridan qayta baholashga qaratilgan muhim ilmiy muloqot maydoni hisoblanadi.
“Anjumanning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Unda davlat va jamoat arboblari, yetakchi olimlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, diplomatik korpus aʼzolari ishtirok etdi. Marosimda so‘zga chiqqanlar Amir Temur shaxsi va uning davlatchilik anʼanalari, adolat va kuchli markazlashgan boshqaruv tizimini yaratishdagi o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va sanʼatning yuksak taraqqiy etgani, bu meros bugungi kunda ham jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga xizmat qilayotgani qayd etildi”, deb taʼkidlangan manbada.
Xabar qilinganidek, konferensiyada dunyoning qator mamlakatlaridan, jumladan Turkiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardan kelgan yetakchi olimlar, tarixchilar, sharqshunoslar, arxeologlar va siyosatshunoslar qatnashib, bir qator ustuvor mavzularni muhokama qildi.
“The Gulf Observer” maqolasi oxirida yozilganidek, “Ushbu xalqaro tadbir tarixiy merosni targ‘ib qilish bilan birga, yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirish va yangi ilmiy yo‘nalishlarni shakllantirishga xizmat qildi”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi