“Times Kuwait”: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey, balki taʼlim va ilmiy platforma vazifasini ham bajaradi
Aprel 14, 2026. 15:15 • 3 daq
• 96
AL-KUVAYT, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Kuvaytning ingliz tilidagi “Times Kuwait” haftalik gazetasida yurtimizda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar xususida maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekistonda buyuk davlat arbobi, sarkarda va ilm-fan hamda madaniyat homiysi Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlandi.
Amir Temur jahon tarixida buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda va ilm-fan homiysi sifatida alohida o‘rin tutadi. XIV–XV asrlardagi murakkab siyosiy jarayonlar sharoitida u keng hududlarni birlashtirib, mustahkam va barqaror davlat tizimini yaratdi.
Maqola muallifi qayd etishicha, Amir Temur siyosatida diplomatiya muhim o‘rin egallagan. U Fransiya, Angliya va Kastiliya kabi Yevropa davlatlari bilan samarali aloqalar o‘rnatgan. 1404 yilda Samarqandga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo o‘z xotiralarida shaharning yuksak darajadagi boshqaruvi, rivojlangan infratuzilmasi va xorijiy elchilarga ko‘rsatilgan hurmat-eʼtiborni alohida qayd etgan.
Amir Temur davlat boshqaruvi uchun mustahkam huquqiy asos ham yaratgan. “Temur tuzuklari”ga ko‘ra, davlat boshqaruvi maslahat, muhokama, puxta rejalashtirish va qatʼiy qaror qabul qilish tamoyillariga tayangan.
Bu davrda ilm-fan rivoji ham yuksak bosqichga ko‘tarilgan. Ayniqsa, astronomiya sohasida katta yutuqlarga erishilib, “Ziji Sultoniy” kabi fundamental asarlar yaratilgan va minglab yulduzlar koordinatalari aniq hisoblangan.
Bugungi kunda Temuriylar merosi Islom sivilizatsiyasi markazida keng va zamonaviy yondashuvlar asosida namoyon etilmoqda. Bu yerda noyob qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar, qurol-aslaha namunalari, miniatyuralar hamda interaktiv ekspozitsiyalar orqali Temuriylar davri tarixi keng yoritilgan.
Markazda VR va AR texnologiyalari, gologrammalar hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlari orqali tarix jonlantirilgan holda namoyish etiladi. Bu esa tashrif buyuruvchilarga tarixni nafaqat ko‘rish, balki uni his qilish imkonini yaratadi.
Taʼkidlanganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi faqat muzey emas, balki keng qamrovli taʼlimiy va ilmiy platforma bo‘lib, u boy tarixiy merosni kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, markaz islom sivilizatsiyasining Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlari yutuqlarini o‘rganish, shuningdek, “Uchinchi uyg‘onish” g‘oyasini ilmiy asosda rivojlantirishga xizmat qiluvchi intellektual ko‘prik vazifasini ham bajarmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi