Malayziya OAV: O‘zbekistonda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlandi
Aprel 15, 2026. 14:15 • 3 daq
• 66KUALA-LUMPUR, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. Malayziyaning qator yetakchi ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda yurtimizda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar keng yoritildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, “Ikim” teleradiokanalida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va Temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi va madaniyatida tutgan o‘rni va ahamiyati” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaga bag‘ishlangan dastur efirga uzatildi.
Malayziyalik jurnalistlar ushbu anjumanning yuksak saviyada tashkil etilganini alohida eʼtirof qildi.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va mualliflik g‘oyasi asosida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlar milliy tiklanish va xalqaro hamkorlikning mustahkam poydevoriga aylana olishini yaqqol namoyon etmoqda. Shu bilan birga, u butun dunyodan tadqiqotchilar, sayyohlar va keng jamoatchilik eʼtiborini o‘ziga jalb etmoqda.
Amir Temur buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda va o‘z davrining eng qudratli imperiyalaridan birini barpo etgan shaxs sifatida jahon tarixida alohida o‘rin tutadi. XIV asr oxiri – XV asr boshlari chuqur siyosiy o‘zgarishlar davri bo‘lib, aynan shu sharoitda Amir Temur Hindistondan Yaqin Sharqqa qadar bo‘lgan ulkan hududlarni birlashtirib, mustahkam boshqaruv tizimiga ega davlat qurishga muvaffaq bo‘ldi.
Uning siyosatida diplomatiya muhim ahamiyat kasb etgan. Xususan, Amir Temur Yevropa davlatlari – Fransiya, Angliya va Kastiliya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. 1404-yilda Samarqandga tashrif buyurgan Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo o‘z xotiralarida davlat boshqaruvining yuqori darajada tashkil etilganini, rivojlangan infratuzilmani hamda xorijiy elchilarga ko‘rsatilgan hurmat-eʼtiborni alohida qayd etgan.
Amir Temur vafotidan so‘ng uning vorislari – temuriylar davlat taraqqiyotini munosib davom ettirib, ilm-fan, madaniyat va taʼlim sohalariga alohida eʼtibor qaratdi. Bu davr tarixda Ikkinchi Sharq Renessansi sifatida nom qozondi. Ushbu davrda intellektual va badiiy hayot yuksaldi va bu jarayon Yevropa Uyg‘onishiga ham sezilarli taʼsir ko‘rsatdi.
Jurnalistlar dasturda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Majmua meʼmoriy jihatdan Temuriylar anʼanalarini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirgan bo‘lib, o‘tmish va bugun o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ifodalaydi. Uning 65 metrli gumbazi va mahobatli peshtoqlari mamlakat hududlarini ramziy jihatdan birlashtirib, tarixiy vorisiylik ruhini aks ettiradi.
Markaz ekspozitsiyasi “Sivilizatsiyalar – Shaxslar – Kashfiyotlar” tamoyili asosida tashkil etilgan bo‘lib, u islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston bosqichlarini qamrab oladi. Tashrif buyuruvchilar nafaqat noyob artefaktlarni tomosha qilishlari, balki VR va AR texnologiyalari, gologrammalar va sunʼiy intellekt yordamida ular bilan interaktiv tarzda tanishish imkoniga ega.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonda buyuk davlat arbobi, sarkarda va ilm-fan hamda madaniyat homiysi Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlandi.
Yubiley tadbirlari doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro muloqot maydoniga aylandi. Xususan, joriy yilning 9–10-aprel kunlari bu yerda Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerikadan 300 dan ortiq yetakchi olimlar, tadqiqotchilar va ekspertlar ishtirokida keng ko‘lamli xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Amir Temur va Temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rnini chuqur o‘rganish, shuningdek, kelgusida xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam platforma yaratishga qaratildi.
Shuningdek, konferensiya doirasida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Amir Temur va Donna Mariya” badiiy filmining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


