Armanistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda
Iyun 07, 2026. 13:09 • 2 daq
•
YEREVAN, 7-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun Armanistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda hamda uning natijalariga ko‘ra, mamlakatning yangi bosh vaziri ham aniqlanadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, saylovchilarning umumiy soni 2 million 485 ming 851 nafarni tashkil etadi. Butun mamlakat bo‘ylab soat 08:00dan 20:00gacha (Toshkent vaqti bilan 09:00dan 21:00gacha) 2005 ta saylov uchastkasi ishlaydi.
Bu – so‘nggi to‘qqiz yil ichida parlamentga o‘tkazilayotgan birinchi navbatdagi saylovdir. 2018 va 2021-yillardagi oldingi ikki saylov kampaniyasi navbatdan tashqari bo‘lgan edi. Saylovda 18 ta siyosiy kuch ishtirok etmoqda, saylovchilarning ishtiroki uchun eng kam chegara qonunda belgilanmagan. Ovoz berganlar sonidan qat’i nazar, saylovlar bo‘lib o‘tgan, deb tan olinadi. Ular proporsional saylov tizimi bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
Partiyalar uchun o‘tish chegarasi 4 foizni, ikki yoki uch partiyadan iborat bloklar uchun 8 foizni, to‘rt va undan ortiq partiyani o‘z ichiga olgan keng koalitsiyalar uchun esa 10 foizni tashkil etadi.
“GALLUP International Association”ning Armaniston vakolatxonasi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, agar Armaniston parlament saylovlarida qatnashayotgan muxolifat partiyalari birlashsa, hukmron partiyadan ko‘proq ovoz to‘play oladi.
So‘rovnomaga ko‘ra, respondentlarning 32,4 foizi amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyan boshchiligidagi “Fuqarolik shartnomasi” partiyasiga ovoz berishga tayyor. “Tashir” davlat kompaniyasi rahbari Samvel Karapetyanning “Kuchli Armaniston” partiyasini 16,4 foiz, mamlakat sobiq prezidenti Robert Kocharyanning “Armaniston” blokini – 15,2 foiz, tadbirkor Gagik Sarukyanning “Farovon Armaniston” partiyasini – 8,8 foiz, sobiq ombudsman Arman Tatoyanning “Birlik qanotlari” partiyasini esa 6,2 foiz so‘ralganlar qo‘llab-quvvatlagan. Shunday qilib, to‘rtta asosiy muxolif kuch birgalikda 46,6 foiz ovoz to‘plashi mumkin.
“BBC” rus xizmatining xabar berishicha, amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyan hokimiyatda qolish va ketma-ket uchinchi g‘alabani qo‘lga kiritishga umid qilmoqda. Saylovoldi kampaniyasi davomida Armanistonning Rossiya bilan munosabatlari va mamlakatning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish niyati asosiy masala bo‘lgani qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi