O‘zbekistonning madaniyati Nyu-Yorkdagi xalqaro festivalda namoyish qilindi
Iyun 07, 2026. 12:29 • 2 daq
• 31NYU-YORK, 7-iyun. /“Dunyo” AA/. Nyu-Yorkning Bruklin tumanidagi “Oceana Theater” teatrida milliy va diaspora jamoalari vakillarini birlashtirgan “Silk Road Festival NYC 2026” xalqaro madaniyat festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Markaziy Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq va tarixan Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘liq bo‘lgan jami 14 mamlakat vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi faol hamkori hisoblangan “World Network NY” sayyohlik kompaniyasi tomonidan mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma va taqdimot tashkil etildi.
Mehmonlarga O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari, uning tarixiy shaharlari, madaniy meros obyektlari, milliy an’analari va zamonaviy yo‘nalishlari haqidagi videomateriallar namoyish etildi. Teatr ekranida Samarqand, Buxoro, Xiva va respublikaning boshqa sayyohlik markazlariga bag‘ishlangan roliklar efirga uzatildi.
Madaniy dastur doirasida Nyu-Yorkdagi o‘zbek raqs guruhi ham chiqish qilib, milliy xoreografik raqslarni taqdim etdi. Jamoaning chiqishi tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi va yurtimiz madaniy merosini yanada targ‘ib qilishga hissa qo‘shdi.
Mazkur tadbir gumanitar aloqalarni mustahkamlash, xalq diplomatiyasini rivojlantirish hamda xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini oshirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


