O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining Yaqin Sharq mamlakatlariga eksport qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi
Iyun 07, 2026. 11:43 • 2 daq
• 11
ABU-DABI, 7-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari BAAning eng yirik “TEXMAS” (Dubai Textile Merchants Association) to‘qimachilik uyushmasi raisi Jagdish Amarnani bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda 2000-yilda “TEXMAS” va Dubayning “Ports, Customs and Free Zone Corporation” korporatsiyasi o‘rtasida hozirgi kunda Yaqin Sharq va Afrika mintaqasining asosiy to‘qimachilik savdo markazlaridan biri bo‘lgan “Dubai Textile City”ni tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzolangani qayd etildi.
Tomonlar to‘qimachilik sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, BAA va mintaqa mamlakatlari bozorlariga O‘zbekiston mahsulotlari eksportini oshirish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston to‘qimachilik kompaniyalariga “Dubai Textile City” hududidan savdo maydonlari ajratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, “TEXMAS” uyushma a’zolari bo‘lgan kompaniyalar orasida O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini ilgari surishga va tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston korxonalari negizida BAA kompaniyalari brendlari ostida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ham kelishib oldilar. O‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash maqsadida 2026-yil iyun oyi oxirida “TEXMAS” rahbariyati va O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi o‘rtasida onlayn muzokaralar o‘tkazish rejalashtirildi.
1990-yilda Dubayda tashkil etilgan “TEXMAS” uyushmasi BAAning yetakchi to‘qimachilik tashkilotlaridan biri bo‘lib, u savdo, ishlab chiqarish va mahsulotlarni reeksport qilish bilan shug‘ullanuvchi 460 dan ortiq to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati kompaniyasini birlashtiradi. Tashkilot dunyoning 45 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi