Bangkokda O‘zbekiston turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
May 22, 2026. 11:55 • 2 daq
• 25BANGKOK, 22-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi tomonidan “Ipak yo‘li darvozasi” mavzusida seminar o‘tazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Centrum Air” aviakompaniyasining Tailanddagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ushbu mamlakatning yetakchi turizm kompaniyalari va agentliklari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida qatnashchilarga O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijlik sayyohlar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma va qulay shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
O‘zbekiston bosh konsuli Faxriddin Sultanov tailandlik sayyohlar uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan tarixiy obidalar, buyuk ajdodlarimiz maqbaralari, milliy madaniyat va sanʼat namunalari haqida so‘z yuritdi. U Tailand fuqarolari uchun O‘zbekiston vizasini rasmiylashtirish tartibi ancha soddalashtirilganini taʼkidladi.
Diplomat transport logistikasi masalalariga ham to‘xtalib, bugungi kunda “Centrum Air” tomonidan Bangkok va Pxuket shaharlaridan Toshkentga haftasiga oltita to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Taʼkidlanishicha, o‘n yil avval O‘zbekiston aviatsiya bozorida faqat bitta milliy aviakompaniya faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida mahalliy aviatashuvchilar soni o‘ntadan oshgan. Bu esa raqobat muhitini kuchaytirib, xorijlik sayyohlar uchun mamlakatga sayohat qilishni yana-da qulaylashtirmoqda.
Seminar davomida Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarining diqqatga sazovor joylari haqida ingliz va tay tillarida tayyorlangan videoroliklar namoyish etildi. Ayniqsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir yakunida tailandlik turoperatorlar o‘rtasida lotereya o‘tkazilib, g‘oliblarga “Centrum Air” aviakompaniyasidan Bangkok–Toshkent–Bangkok yo‘nalishi bo‘yicha bepul aviachiptalari taqdim etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Yaponiyaning Narita shahridagi ko‘rgazmada O‘zbekistonning turizm va madaniy salohiyati namoyish etildi

“Travel World”: Hindiston O‘zbekiston turizm sohasining o‘sishi uchun asosiy strategik bozor hisoblanadi







