“Travel World”: Hindiston O‘zbekiston turizm sohasining o‘sishi uchun asosiy strategik bozor hisoblanadi

May 20, 2026. 09:55 • 2 daq

172
“Travel World”: Hindiston O‘zbekiston turizm sohasining o‘sishi uchun asosiy strategik bozor hisoblanadi

DEHLI, 20-may. /“Dunyo” AA/. Hindistonning “The Economic Times” ommabop nashri tarkibiga kiruvchi “Travel World” turistik axborot portalida O‘zbekistonni mahalliy sayyohlik bozorida izchil targ‘ib qilish borasidagi saʼy-harakatlarga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Material diqqat markazida O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi hamda mamlakatimiz Turizm qo‘mitasi tomonidan Haydarobod va Chennai shaharlarida tashkil etilgan taqdimot marosimlari joy olgan. Ushbu tadbirlar sayyohlik sohasida hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochib berdi va O‘zbekistonning hindistonlik sayohatchilar uchun ustuvor yo‘nalish sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi.

Nashr O‘zbekiston yiliga qariyb 33 million xorijiy sayyohlik safarlarini shakllantiradigan Hindiston bozorida o‘z ishtirokini tizimli ravishda kengaytirish bosqichiga o‘tayotganini taʼkidlagan.

Haydarobod va Chennaidagi roud-shoularda 70 dan ortiq yetakchi turagent va turoperatorlar jam bo‘lgani soha mutaxassislarining yuqori qiziqishidan dalolat beradi. Taqdimot marosimlari joriy yilning boshida Mumbayda bo‘lib o‘tgan OTM va Dehlidagi SATTE kabi mintaqadagi eng yirik ko‘rgazmalarda O‘zbekiston muvaffaqiyatli ishtirok etganining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Nashr O‘zbekistonning Dehlidagi elchisi Sardor Rustamboyevning “Hindiston O‘zbekiston turizm sohasining o‘sishi uchun asosiy strategik bozor hisoblanadi. Ushbu roud-shoular orqali biz nafaqat Hindiston turistik kompaniyalari bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlashni, balki O‘zbekistonni tarix, madaniyat va zamonaviy taassurotlarning betakror uyg‘unligini taqdim etuvchi maskan sifatida namoyish etishni maqsad qilganmiz. Biz hindistonlik sayohatchilarni O‘zbekistonni kashf etishga va ushbu umumiy madaniy rishtalarning bir qismiga aylanishga samimiy taklif etamiz”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Maqola muallifi transport imkoniyatlari kengayayotganiga ham alohida eʼtibor qaratgan. Xususan, “Uzbekistan Airways” va “Air India” aviakompaniyalari o‘rtasida yaqinda imzolangan kod-sher (qo‘shma foydalanish) shartnomasi Dehli-Toshkent, Mumbay-Toshkent, shuningdek, Goa-Toshkent yo‘nalishlaridagi qatnovlarni yana-da qulaylashtirgani qayd etilgan. Bundan tashqari, Farg‘ona vodiysiga chiqish uchun qulay imkoniyat yaratgan Dehli-Namangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareysi yo‘lga qo‘yilgani alohida taʼkidlangan.

O‘zbekiston o‘zini shunchaki anʼanaviy ekskursiya maskani emas, balki premium-segment, korporativ turizm (MICE) va yirik oilaviy tantanalar tashkilotchilarining talablarini to‘liq qondirishga qodir bo‘lgan diversifikatsiyalashgan xab sifatida namoyon etmoqda, deya urg‘ulangan maqolada.

O‘zbekiston haqida jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida tizimli ravishda maqolalar chop etilayotgani mamlakatimiz sayyohlik industriyasining eksport salohiyati sifat jihatidan yangi bosqichga chiqayotganini tasdiqlamoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish