O‘zbekiston 2030-yilgacha mamlakatga 20 million sayyohni jalb etishni rejalashtirmoqda
May 20, 2026. 08:55 • 2 daq
• 221
BRYUSSEL, 20-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda turizm sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha yangi yo‘l xaritasi tasdiqlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Belgiyaning “Travel Tomorrow” nashriga tayanib.
Maqolada yozilishicha, yangi yo‘l xaritasi doirasida xorijiy sayyohlar oqimini yiliga 20 million kishiga, sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini esa 7 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, turistik xizmatlar eksporti hajmining 6 milliard AQSH dollaridan oshishi taxmin qilinmoqda.
Sohani rivojlantirish infratuzilmani yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yo‘nalishlarni ilgari surish va sayyohlik tajribasini shakllantirishni o‘z ichiga olgan loyihaviy yondashuv asosida amalga oshiriladi. Bu borada o‘nlab muhim obyektlarning master-rejalarini ishlab chiqish va yangi infratuzilma obyektlarini qurish ko‘zda tutilgan.
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekistonda turizm yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Samarqand, Buxoro, Xiva bilan bir qatorda ekologik, etnografik, ziyorat, tibbiy, sport va ishbilarmonlik turizmi hamda yangi hududiy yo‘nalishlarni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, mehmonxona infratuzilmasini kengaytirish hamda sayyohlar uchun xizmatlarni, jumladan, raqamli yechimlar va xalqaro band qilish platformalarini yana-da takomillashtirish nazarda tutilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




