Turkiya OAV O‘zbekistonning turkiy davlatlar hamkorligini mustahkamlashdagi o‘rnini e’tirof etmoqda
Oktabr 28, 2026. 18:30 • 3 daq
• 107ANQARA, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning nufuzli “Yeni Konya” va “Daily Sabah” nashrlarida Anqarada bo‘lib o‘tadigan sammit doirasida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) rivojida O‘zbekistonning tutgan o‘rni haqida maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Yeni Konya” nashri TDTning bo‘lajak 13-sammitiga bag‘ishlangan maqolasida O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev hamda Rejep Tayyip Erdog‘an o‘rtasidagi hamkorlik tashkilotni mustahkamlash va uning makonidagi aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.
Maqolada Toshkent shahrida loyiha ofisiga ega bo‘ladigan Turkiy davlatlarning iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengashini tuzish, shuningdek, Turkiy davlatlar sanoat ittifoqini ta’sis etish bo‘yicha rasmiy Toshkentning tashabbuslari alohida e’tirof etilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va Markaziy Osiyoning xalqaro sheriklar bilan aloqalarini mustahkamlashdagi roli alohida qayd etilgan.
Ingliz tilida chop etiladigan “Daily Sabah” kundalik gazetasi sammitni iqtisodiy nuqtayi nazardan tahlil qilgan. Unga ko‘ra, TDTning 2027–2031-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ishlab chiqilishi savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Maqolada yozilishicha, 2025-yil yakuniga kelib, tashkilotga a’zo mamlakatlarning umumiy nominal yalpi ichki mahsuloti qariyb 2,3 trillion AQSh dollariga yetgan, umumiy tashqi savdo aylanmasi esa 1,2 trillion dollardan oshgan.
Maqolalarda O‘zbekistonning iqtisodiy istiqbollariga alohida e’tibor qaratilgan. 2025-yilda mamlakatning tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarni tashkil etgan, TDT davlatlari bozorlaridagi qo‘shimcha eksport salohiyati esa 2,7 milliard dollarga baholanmoqda. Bu boradagi eng katta imkoniyatlar Turkiya (1,8 milliard dollar) va Qozog‘iston (500 million dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Nashrda investitsiyaviy hamkorlikning o‘sib borayotgani ham qayd etilgan. 2017–2025-yillarda TDT mamlakatlaridan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan sarmoyalar hajmi 11,5 milliard dollardan oshgan. Tashkilot ishtirokchilari orasida Turkiya eng yirik investorga aylangan. Respublikada esa ushbu davlatlar kapitali ishtirokida 4,5 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
“Daily Sabah” istiqbolli yo‘nalishlar qatorida qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish, Turkiy investitsiya jamg‘armasi orqali biznesni moliyalashtirish ko‘lamini kengaytirish va transport yo‘nalishlarini takomillashtirish masalalarini alohida yoritgan.
Xususan, Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini O‘rta yo‘lak bilan tutashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi sifatida raqamli integratsiyaga, jumladan, O‘zbekistonning “Raqamli turkiy yo‘lak”ni yaratish va sun’iy intellekt sohasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish tashabbuslariga ham to‘xtalib o‘tilgan.
Turkiya matbuoti eksportni oshirish, investitsiyalarni jalb etish, transport va raqamli infratuzilmani rivojlantirish istiqbollariga e’tibor qaratgan holda, O‘zbekistonni turkiy davlatlarning iqtisodiy integratsiyasini chuqurlashtirish jarayonining muhim ishtirokchilaridan biri sifatida e’tirof etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

