O‘zbekiston diplomatlari Irkutsk shahridagi jazoni ijro etish koloniyasida saqlanayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi
Oktabr 28, 2026. 17:30 • 2 daq
• 6
IRKUTSK, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsuli Aslam Akbarov Irkutsk viloyatidagi 19-sonli jazoni ijro etish koloniyasida bo‘lib, u yerda jazo muddatini o‘tayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida diplomat fuqarolar bilan individual suhbatlar o‘tkazib, ularning shikoyat, murojaat va takliflarini tingladi, sodir etilgan huquqbuzarliklarning holatlarini qayd etdi hamda ularni qiziqtirgan barcha savollarga javob berdi.
Bosh konsulxona ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur muassasada Rossiya Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan sudlangan 61 nafar O‘zbekiston fuqarosi saqlanmoqda.
Tashrif chog‘ida yuzaga kelgan ayrim muammolarni joyida hal etish choralari ko‘rildi. Xususan, yurak va buyrak kasalliklaridan aziyat chekayotgan ikki nafar fuqaroga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish masalasi ijobiy hal etildi.
O‘zbekiston diplomatlari vatandoshlarga ularning huquq va manfaatlari doimo davlat himoyasida ekanini ta’kidlab, Bosh konsulxona ularga zarur konsullik-huquqiy yordam, jumladan, yuridik ko‘mak va advokat xizmatlaridan foydalanishda ko‘maklashishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi