Tokioda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Oktabr 24, 2026. 09:10 • 3 daq
• 148TOKIO, 24-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida o‘zbek tilini o‘rganayotgan yaponlar ishtirokida O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir “Yaponiya–O‘zbekiston” assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Mazkur assotsiatsiya huzurida 2006-yildan buyon o‘zbek tili kurslari faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda 30–40 nafar tinglovchi o‘zbek tilini bilish darajasiga qarab, guruhlar bo‘lingan holda o‘rganmoqda.
Assotsiatsiya tinglovchilari “O‘zbek tili bayrami”, “Mustaqillik kuni”, “Navro‘z” kabi milliy bayramlarga bag‘ishlangan tadbirlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonda davlat tilining mavqeini mustahkamlash, uning nufuzini oshirish va jahonda keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Hozirda o‘zbek tili jahonning turli mamlakatlarida keng qo‘llanilayotgani, unda so‘zlashuvchilar soni 50 millionga yaqinlashgani, Yaponiyada ham o‘zbek tili va adabiyotiga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgani qayd etildi.
Muloqot davomida ishtirokchilar o‘zbek va yapon tillarining grammatik tuzilishidagi ayrim o‘xshashliklar, ba’zi so‘zlarning talaffuzi o‘rtasidagi fonetik yaqinliklarga e’tibor qaratdi.
Jumladan, o‘zbek tilidagi “ota” so‘zi bilan yapon tilidagi “otōsan” (ota, dada) so‘zi o‘rtasida tovush jihatidan o‘xshashlik mavjudligi ta’kidlandi. Shuningdek, o‘zbek tilidagi “ona” so‘zi yapon tilidagi “onna” (ayol) so‘ziga tovush jihatidan yaqinligi qayd etildi.
Bunday o‘xshashliklar ikki tilni o‘rganish jarayonida ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otadi. Uchrashuvda o‘zbek tili va madaniyatini targ‘ib qilish, O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik salohiyati haqida videolavhalar namoyish etildi.
Taqdimotlarda Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarning me’moriy obidalari, milliy urf-odatlar va Yangi O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti aks ettirildi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonning o‘ziga xos madaniyati va ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Ayrim tinglovchilar o‘zbek tilini o‘rganishga shaxsiy qiziqishi va O‘zbekiston bilan bog‘liq taassurotlari sabab bo‘lganini ta’kidladi.
Jumladan, Miyoki Enamoto O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgani, mamlakat va uning madaniyatiga bo‘lgan qiziqishi sabab o‘zbek tilini o‘rganishga kirishganini ma’lum qildi. U kelgusida o‘zbek tilini puxta o‘zlashtirib, O‘zbekistonga sayohat qilishini bildirdi.
Yuko Akiba esa o‘zbek yigiti bilan oila qurgani va farzand tarbiyalayotganini aytib, o‘zbek madaniyatiga bo‘lgan qiziqishi haqida so‘z yuritdi. U o‘zbek milliy san’ati va raqslarini katta qiziqish bilan o‘rganayotganini ta’kidladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga Yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti, tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan bukletlar, o‘zbek mahsulotlari hamda milliy ramzlarni targ‘ib qiluvchi esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


