Buxoro viloyatida kimyoviy qo‘shimchalar ishlab chiqarish bo‘yicha 15 million dollarlik loyiha amalga oshirilmoqda
Iyul 23, 2026. 08:10 • 2 daq
• 222
VLADIVOSTOK, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi bosh konsuli Hojiakbar Vahobov Primorsk o‘lkasida faoliyat yuritayotgan “Master Innovation” kompaniyasi rahbari Jasur Jumayev bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Onlayn muloqot chog‘ida kompaniyaning Buxoro viloyatida amalga oshirayotgan investitsiya loyihasi, korxona qurilishining borishi, erishilgan natijalar hamda uni ishga tushirishning keyingi bosqichlari muhokama qilindi.
Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi mazkur loyihaning qiymati 15 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha o‘zbekistonlik va janubiy koreyalik tadbirkorlar Jasur Jumayev hamda “Ezcon” kompaniyasi rahbari Kim Seokkyun hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Zavodda avtomobil yo‘llari va aerodromlar qurilishida foydalaniladigan sement-beton mahsulotlari hamda asfalt-beton qorishmalari sifatini yaxshilaydigan “D110” kimyoviy qo‘shimchasini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Taʼkidlanishicha, ilgari O‘zbekistonda bunday mahsulot ishlab chiqarilmagan, zarur materiallar esa xorijdan import qilingan. Korxona to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, 45–50 ta ish o‘rni yaratish, mamlakat ichki bozorini taʼminlash va qo‘shni davlatlarga, jumladan, Tojikiston va Afg‘onistonga mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi