Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, manfaatdorlik va jamoaviy masʼuliyat tamoyillariga asoslangan hamkorlik modeli shakllanmoqda

May 15, 2026. 10:55 • 3 daq

110
Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, manfaatdorlik va jamoaviy masʼuliyat tamoyillariga asoslangan hamkorlik modeli shakllanmoqda
Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, manfaatdorlik va jamoaviy masʼuliyat tamoyillariga asoslangan hamkorlik modeli shakllanmoqda

TOSHKENT, 15-may. /“Dunyo” AA/. Kecha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Markaziy Osiyo: mintaqaviy rivojlanishning yangi paradigmasi” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tadbir JIDU huzuridagi Diplomatik akademiya hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi tomonidan tashkil etildi.

Anjuman ishida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon diplomatik akademiyalari, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha Ashxoboddagi mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbarlari, Finlandiya xalqaro munosabatlar instituti (FIIA), diplomatik korpus, fuqarolik jamiyati vakillari, shuningdek, bir qator yetakchi milliy va xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilariga BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, MOPDMM rahbari Kaxa Imnadze onlayn tarzda murojaat qilib, o‘z tabrigini yo‘lladi.

Anjuman doirasida Oliy Majlis senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov, Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Serdar Cham va boshqalar so‘zga chiqdi.

Muzokaralar chog‘ida ishtirokchilar mintaqa o‘z taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichini boshdan kechirayotganini, ishonch, o‘zaro manfaatdorlik va jamoaviy masʼuliyat tamoyillariga asoslangan hamkorlik modelini bosqichma-bosqich shakllantirayotganini taʼkidladilar. Xalqaro munosabatlarda Markaziy Osiyoning mintaqaviy subyektligini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi. Mintaqa davlatlari nafaqat xalqaro jarayonlar ishtirokchisi, balki mintaqaviy kun tartibining mustaqil tashabbuskori sifatida ham tobora dadil qadam tashlayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam Maslahat uchrashuvlari siyosiy ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy rivojlanishning asosiy masalalari bo‘yicha birgalikdagi yondashuvlarni muvofiqlashtirishning muhim mexanizmi ekanligi alohida taʼkidlandi. Ishtirokchilar so‘nggi yillarda siyosiy muloqotning faollashuvi savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga, shuningdek, zamonaviy tahdid va xatarlarga birgalikda javob qaytarish uchun yana-da qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilganini qayd etdilar.

Xavfsizlikning zamonaviy tushunchasi iqlim bilan bog‘liq xatarlar, energetika barqarorligi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, kiberxavfsizlik va gumanitar barqarorlik masalalarini o‘z ichiga olishi taʼkidlandi.

Transport o‘zaro bog‘liqligi, infratuzilmani rivojlantirish, energetika sohasidagi hamkorlik hamda Markaziy Osiyoning Yevroosiyo o‘zaro bog‘liqligidagi muhim makon sifatidagi rolini mustahkamlashga xizmat qiladigan barqaror logistika yo‘nalishlarini yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ishtirokchilar gumanitar hamkorlik, ilmiy-maʼrifiy almashinuvlar va akademik mobillikni rivojlantirish mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli barqarorligini taʼminlashning asosiy omillaridan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.

Shu munosabat bilan JIDU va Diplomatik akademiyaning mintaqaviy akademik muloqotni rivojlantirishga, xalqaro munosabatlar sohasida malakali kadrlar va yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga hamda zamonaviy Markaziy Osiyo hamkorligining intellektual poydevorini shakllantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan yetakchi taʼlim va ekspert-tahlil platformalari sifatidagi o‘rni alohida qayd etildi.

Anjuman yakunida bo‘lib o‘tgan fikr almashinuvlar, ekspert baholari va ishlab chiqilgan tavsiyalar mintaqaviy hamkorlikni yana-da mustahkamlash hamda Markaziy Osiyoni barqarorlik, izchil taraqqiyot va konstruktiv xalqaro hamkorlik makoni sifatida ilgari surishga muhim hissa bo‘lib qo‘shishi haqida yakdil fikr bildirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish