Toshkent viloyati Ispaniya hududlari bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda

May 15, 2026. 11:55 • 4 daq

2
Toshkent viloyati Ispaniya hududlari bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent viloyati Ispaniya hududlari bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent viloyati Ispaniya hududlari bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent viloyati Ispaniya hududlari bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent viloyati Ispaniya hududlari bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent viloyati Ispaniya hududlari bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda

MADRID, 15-may. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiyaning Ispaniya Qirolligiga rasmiy tashrifi O‘zbekiston-Ispaniya iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif dasturi doirasida Galisiya hududida yirik biznes-forum, B2B formatidagi muzokaralar, shuningdek, munitsipalitetlar hamda agrosanoat, issiqxona xo‘jaligi va innovatsion texnologiyalar sohasidagi yetakchi ispan kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Vigo shahri Savdo-sanoat palatasi ko‘magida o‘tkazilgan “O‘zbekiston – Galisiya” biznes-forumi tashrifning asosiy tadbiri bo‘ldi. Unda ikki mamlakat rasmiylari, Ispaniyaning 20 dan ortiq kompaniyasi rahbarlari, investorlar, ishbilarmon doiralar va tarmoq tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Forumni SSP prezidenti Xose Garsiya Kosta ochib berdi. U o‘z nutqida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, o‘zaro ishonch darajasi esa savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratayotganini qayd etdi.

O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini taʼkidladi. Xususan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 96 million dollarga yetib, barqaror ijobiy o‘sish surʼatini namoyon etgan.

Forum ishtirokchilari oldida so‘zga chiqqan Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev Ispaniya tomoniga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, viloyatning Ispaniya kompaniyalari bilan uzoq muddatli amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Toshkent viloyatining investitsiyaviy salohiyati taqdimoti chog‘ida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, jumladan, zamonaviy issiqxona majmualarini barpo etish, baliqchilikni rivojlantirish, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, uzumchilik, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish va kaolinni qayta ishlash sohasidagi qo‘shma loyihalar namoyish etildi.

Forum doirasida sanoat kooperatsiyasi va texnologiyalar almashinuvi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Zoir Mirzayev Toshkent viloyati nafaqat eksport-import operatsiyalarini kengaytirish, balki qo‘shma korxonalar tashkil etish, innovatsion yechimlarni joriy qilish va barqaror uzoq muddatli investitsiya loyihalarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Shuningdek, forum davomida Ispaniyaning 20 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida B2B-uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda baliqchilik va baliq mahsulotlarini qayta ishlash, issiqxona xo‘jaligi, qo‘ziqorinchilik, chorvachilik, logistika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati kabi yo‘nalishlar qamrab olindi.

Muzokaralar yakunida Ispaniyaning “Feeding Systems S.L.” kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida baliqchilik klasterini barpo etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, hokim Zoir Mirzayev Ispaniyaning vinochilik, issiqxona xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarish, to‘qimachilik, avtomobil butlovchi qismlari, ekologik texnologiyalar va sut mahsulotlari sohalarida faoliyat yurituvchi bir qator yetakchi kompaniyalari rahbarlari hamda vakillari bilan alohida muzokaralar o‘tkazdi.

Toshkent viloyati delegatsiyasining Tominyo munitsipaliteti meri Ushio Benites bilan uchrashuvi tashrifning muhim qismi bo‘ldi.

Muzokaralar davomida tomonlar issiqxona xo‘jaligi sohasida hamkorlik istiqbollari, tajriba almashish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qildi. Galisiya mintaqasining issiqxona xo‘jaligi va agrosanoat bo‘yicha yetakchi markazlaridan biri sanalgan Tominyo munitsipaliteti tajribasi O‘zbekiston delegatsiyasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif doirasida delegatsiya zamonaviy issiqxona majmualariga ixtisoslashgan Ispaniyaning “Ferralesa” kompaniyasida bo‘ldi. Kompaniyaning issiqxona xo‘jaligi umumiy maydoni 5 gektarni tashkil etadi. Kompaniya bosh direktori Fernando Otero Vilyarino bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda zamonaviy issiqxona texnologiyalarini joriy etish va O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, delegatsiya vakillari “EcoForest” kompaniyasi tomonidan issiqxona xo‘jaliklari uchun taklif etilayotgan innovatsion geotermal isitish va sovutish tizimlari bilan tanishdi. Uchrashuv davomida kompaniya vakili Xulian Taverniyer ushbu yechimlarning texnik imkoniyatlari va iqtisodiy samaradorligi haqida batafsil so‘zlab berdi.

Muzokaralar davomida Toshkent viloyatida zamonaviy geotermal isitish va sovutish tizimini joriy etish orqali 1 gektarlik maydonda tajriba loyihasini amalga oshirish imkoniyati muhokama qilindi. “EcoForest” kompaniyasi vakillari ushbu loyihani amalda joriy etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Biznes-forum doirasida Vigo va Toshkent savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ham imzolandi. Bu ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha mexanizm bo‘lib xizmat qiladi.

Tashrif yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlar, o‘rnatilgan aloqalar va ilgari surilgan tashabbuslar yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlash uchun poydevor bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish