Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi Qatardaga keng jamoatchilikka tanishtirildi
Iyun 13, 2026. 14:00 • 2 daq
• 12DOHA, 13-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasida Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi, deb xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Qatardagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlarining 100 nafarga yaqin vakili, yetakchi islomshunos olimlar, ommaviy axborot vositalari hamda ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli loyiha haqida ma’lumot berildi. Xususan, davlat rahbari tomonidan ushbu majmuaning barpo etilishi haqida BMT minbaridan turib e’lon qilingani e’tirof etildi.
Tadbir dasturida buyuk muhaddis Imom Buxoriyning boy ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan qism ham o‘rin oldi. Mutaxassislar uning islom ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof etdi va Qur’oni karimdan keyingi eng ishonchli va mo‘tabar manbalardan biri sifatida tan olingan “Al-Jome’ as-Sahih” asarining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
2026-yil 19-mart kuni tantanali ravishda ochilgan Imom Buxoriy majmuasi haqidagi videomateriallar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Qisqa vaqt ichida majmuani bir milliondan ortiq ziyoratchi va mehmon ziyorat qilgani, uning butun islom olami uchun yuksak ma’naviy va madaniy ahamiyatga ega ekanidan dalolat ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekistonda boy ma’naviy merosni asrab-avaylash va targ‘ib etish, islom sivilizatsiyasining buyuk mutafakkir va allomalari xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi.
“Al Sulaiteen Group” kompaniyasi raisi Abdullo Salim Al-Sulaytiyn O‘zbekiston Prezidentining Movarounnahr allomalarining boy merosini targ‘ib qilish va islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak e’tirofga loyiq ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbuslar sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlashga va jahon hamjamiyatini mintaqaning jahon ilm-fani hamda madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi bilan kengroq tanishtirishga xizmat qiladi.
Taqdimot yakunida Qatar ilmiy va jamoatchilik doiralari vakillari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilishga hamda O‘zbekiston bilan madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqish bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


