Logo

Nagoya shahrida O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari namoyish etildi

Aprel 04, 2026. 09:10 • 2 daq

150
Nagoya shahrida O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari namoyish etildi

NAGOYA, 4-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Yaponiyaning Nagoya shahrida “Hankyu Travel International Co., Ltd.” va “All Co., Ltd.” kompaniyalari bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Seminarning asosiy maqsadi Yaponiyadan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar sonini oshirish, mamlakatimizning boy tarixi va madaniyatini targ‘ib qilish, yangi sayyohlik yo‘nalishlari haqida maʼlumot berishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda Yaponiya sayyohlik kompaniyalari vakillari, sayohatchilar va joriy yilda O‘zbekistonga borishni rejalashtirayotgan fuqarolar ishtirok etdi. Unda jami 80 nafardan ortiq mehmon qatnashdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy sayyohlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, yangi mehmonxonalar va zamonaviy infratuzilma haqida fikr bildirildi.

Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz va Termiz kabi YUNESKO merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shaharlar haqida so‘z yuritildi.

Ishtirokchilarga o‘zbek milliy anʼanalari, urf-odatlari, taomlari va sayyohlik yo‘nalishlari bo‘yicha to‘xtalib o‘tildi. Bundan tashqari, Termizdagi Fayoztepa, Qoratepa, Dalvarzintepa, Zurmala kabi tarixiy yodgorliklar haqida maʼlumot berildi.

Tadbir doirasida “Hankyu Travel International Co., Ltd.” kompaniyasi ijroiya direktor Katsuxiko Kazama bilan muzokaralar o‘tkazildi. Unda Yaponiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini yana-da oshirish va yangi turizm loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Katsuxiko Kazama so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm infratuzilmasi rivojlanayotgani, yangi sayyohlik markazlari ochilayotgani va xalqaro tadbirlar o‘tkazilayotgani mamlakatga bo‘lgan qiziqishni oshirayotganini taʼkidladi.

Maʼlum qilinishicha, 2025-yilda O‘zbekistonga kelgan yaponiyalik sayyohlar soni 32 ming nafarga yetgan. Bu 2024-yilga nisbatan 1,5 barobarga oshganini anglatadi.

Seminar yakunida savol-javoblar o‘tkazildi va ishtirokchilarga turizmga oid broshyuralar, kitoblar hamda xaritalar tarqatildi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish