Pokiston OAV: Toshkent VIII xalqaro marafonni qabul qiladi
Aprel 05, 2026. 12:35 • 2 daq
• 37
ISLOMOBOD, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Pakistan in the World”, “News Network Pakistan”, “The World News” va “Infora News” nashrlarida shu yil 5 aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan VIII Toshkent xalqaro marafoniga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrlarda Toshkent shahrida shu yil 5-aprel kuni Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan an’anaviy VIII Toshkent xalqaro marafoni bo‘lib o‘tishi ma’lum qiligan.
Materialda qayd etilishicha, sakkizinchi bor tashkil etilayotgan mazkur nufuzli sport tadbiri bugungi kunda mamlakatimizdagi eng yirik ommaviy musobaqalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
“Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilgi marafonda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 15 ming nafardan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Bu esa musobaqaning xalqaro miqyosi yil sayin kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Marafon xalqaro yengil atletika boshqaruv organi – World Athletics tomonidan beriladigan “World Athletics Label” maqomiga ega. Ushbu maqom musobaqada qayd etilgan natijalar rasman tan olinishini ta’minlaydi hamda sportchilar uchun reyting va saralash jarayonlarida muhim ahamiyat kasb etadi”, – deb ta’kidlangan maqolada.
Pokiston OAV yozganidek, marafon dasturidan 42 kilometrlik klassik marafon, 21 kilometrlik yarim marafon, 10 va 5 kilometrlik ommaviy yugurish yo‘nalishlari o‘rin olgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida alohida musobaqalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Unda professional sportchilar bilan bir qatorda havaskor yugurish ishqibozlari ham ishtirok etishi mumkin.
Musobaqaning ochilish marosimi 4 aprel kuni Toshkent shahridagi “Humo Arena” majmuasida bo‘lib o‘tadi. 5-aprel kuni ertalab 42 kilometrlik masofaga start beriladi. Keyinchalik 21, 10 va 5 kilometrlik yo‘nalishlar bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi. G‘olib va sovrindorlar taqdirlangach, marafonning yopilish marosimi tashkil etiladi.
“VIII Toshkent xalqaro marafoni sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ommaviy sport harakatini kengaytirish va O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi”, – deya yozilgan maqolalarda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi