Rossiyaning “Первый канал”ida Samarqand haqida maxsus ko‘rsatuv namoyish etildi
Dekabr 24, 2025. 10:54 • 2 daq
• 144Moskva, 23-dekabr. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning “Первый канал” telekanali efirida Samarqandga bag‘ishlangan mashhur “Povara na kolesax” (G‘ildirakli oshpaz) ko‘rsatuvining maxsus soni namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston haqidagi ushbu ko‘rsatuv mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi va Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan media-tur doirasida suratga olingan. Telekanal ijodiy guruhi 2025-yilning 12–18-sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib, suratga olish ishlarini olib borgan.
Rossiyalik mashhur oshpazlar ming yillik tarixga va boy gastronomik madaniyatga ega Samarqand shahrida bo‘lib, Rossiyadan kelayotgan sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish maqsadida yurtimizning pazandachilik va sayyohlik jozibadorligi hamda uning boy madaniyati haqida so‘zlab berdi.
Sayohat shaharning diqqatga sazovor maskanlari: Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi va Amir Temur haykali bo‘ylab sayr qilishdan boshlandi. Shundan so‘ng, oshpazlar o‘zbek xonadoniga mehmonga taklif qilindi. U yerda xonadon egalari bilan birgalikda palov va non tayyorlandi hamda folklor ansamblining chiqishini tomosha qildi. Kun yakunida ular “Konigil” turizm qishlog‘i va “Meros” qog‘oz fabrikasida bo‘ldi. Ko‘rsatuv finalida oshpazlar Registon maydonida Samarqandcha palov tayyorladi va uni mahalliy aholi hamda shahar mehmonlariga tarqatdi.
Mazkur pazandachilik shousi rossiyalik tomoshabinlar orasida katta qiziqish uyg‘otib kelmoqda. Ko‘rsatuvning federal va mintaqaviy OAVlardagi umumiy tomoshabinlari soni 18 milliondan ortiq kishini tashkil etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
.








