Logo

O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan telefon orqali tabrikladi

Dekabr 24, 2025. 15:06 • 51 soniya

13
O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan telefon orqali tabrikladi

TOSHKENT, 24-dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon yetakchisining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, uni birlashtirish, barqaror taraqqiyotini taʼminlash va xalqaro nufuzini oshirishdagi tarixiy rolini alohida qayd etdi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston – Ozarbayjon do‘stlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Joriy Iqtisodiy kooperatsiya yilida birgalikda amalga oshirilgan ishlar unumli bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Barcha darajada samarali muloqotlar va almashinuvlar davom etmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash jadal surʼatlarda o‘sib bormoqda, “yo‘l xaritasi” asosidagi 20 ta ustuvor yo‘nalishdagi loyihalar faol pallaga kirgan.

Tadbirlarga boy madaniy-gumanitar almashinuvlar dasturi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlari xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, kelgusidagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish