Logo

O‘zbekiston va AQSh yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

Dekabr 23, 2025. 20:27 • 2 daq

17
O‘zbekiston va AQSh yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

TOSHKENT, 23-dekabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh Prezidenti Donald Trampning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi suhbat avvalida AQSh Prezidentini yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayramlari bilan tabriklab, do‘st Amerika xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Donald Tramp, o‘z navbatida, O‘zbekiston yetakchisi va xalqiga o‘zining hamda AQSh xalqining samimiy salomi hamda tabriklarini yo‘llab, yangi yilda baxt-saodat, muvaffaqiyatlar va yangi zafarlar tiladi.

Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini, shuningdek, O‘zbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollarini batafsil ko‘rib chiqdilar.

Davlatimiz rahbari Prezident Donald Trampning joriy yilda ichki va tashqi siyosatda erishgan muvaffaqiyatlariga yuksak baho berib, uning o‘tkir xalqaro inqirozlar va mojarolarni hal etish borasidagi samarali saʼy-harakatlarini alohida taʼkidladi.

Ikki tomonlama siyosiy muloqot va almashinuvlar, ayniqsa, yetakchilar darajasida faollashib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab bergani va uni aniq mazmun bilan boyitgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Fuqaro aviatsiyasi, avtosanoat, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, energetika va kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda o‘nlab milliard dollarlik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Amaldagi loyiha va dasturlarni samarali ilgari surish hamda yangilarini ishlab chiqish maqsadida Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi tashkil etildi. Qo‘shma Investitsiya fondini taʼsis etish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.

Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi mexanizmi ishga tushirildi. O‘zbekistonning uchta viloyati delegatsiyalari Amerika shtatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, ko‘p tomonlama hamkorlik, jumladan, “C5+1” formatining ahamiyati taʼkidlandi.

Suhbat yakunida tomonlar oliy darajadagi faol muloqotlarni davom ettirish niyatini tasdiqladilar hamda amaliy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tashabbus va dasturlarni ilgari surishga kelishib oldilar.

O‘zbekiston Prezidenti Amerika yetakchisini o‘zi uchun qulay muddatda mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish