Ar-Riyozda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan talaba qizlar ishtirokida tadbir o‘tkazildi
Oktabr 05, 2026. 16:30 • 2 daq
• 59
AR-RIYOZ, 5-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi diplomatlari tomonidan O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda “Malika Nura bint Abdurahmon” hamda “Podshoh Ol Saud” universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba qizlar ishtirok etdi.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad – O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va erishilgan natijalar haqida xorijda tahsil olayotgan yoshlarni xabardor qilish, ularning fikr va takliflarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Suhbat davomida mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, oliy ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, xorijiy nufuzli universitetlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda xotin-qizlarning ta’lim olishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi. Saudiya Arabistonida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik qizlarning xalqaro muhitda orttirayotgan bilim va tajribasini kelgusida mamlakat taraqqiyotiga yo‘naltirishi muhim ekani ta’kidlandi.
Vatandoshlar xorijda tahsil olayotgan o‘zbek yoshlari bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning bilim va tajribasini O‘zbekistondagi ta’lim va taraqqiyot jarayonlariga jalb etish, xorijiy universitet talabalari uchun mamlakatda stajirovka va amaliyot dasturlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Tadbirning yana bir muhim qismi talaba-yoshlarning xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlandi. Elchixona xodimlari mahalliy qonun-qoidalarga qat’iy rioya qilish, taqiqlangan ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslik, noqonuniy to‘qnashuvlarga qo‘shilmaslik, ekstremistik va radikal oqimlar ta’siriga tushib qolmaslik zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berildi, konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi. Talabalar xorijda tahsil olayotgan o‘zbek yoshlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor hamda fikr-mulohazalari inobatga olinayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi