O‘zbekistonlik fermerlar Xitoyda sut chorvachiligi texnologiyalari va naslli qoramol yetkazib berish imkoniyatlarini o‘rganmoqda
Noyabr 21, 2026. 16:30 • 2 daq
• 127
PEKIN, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pekin shahridagi elchixonasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda Palata raisi Davron Vahobov boshchiligidagi o‘zbekistonlik fermer va chorvadorlar delegatsiyasining Xitoyga tashrifini tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif dasturi doirasida fermerlar Ninsya-Xuey avtonom rayonining Uchjun shahrida joylashgan “Wuzhong Dairy Industry” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdilar. U yerda mehmonlarga chorvachilikda sun’iy intellekt va robotlashtirilgan tizimlarni qo‘llash tajribasi namoyish etildi.
Mazkur kompaniya 160 ming bosh yirik shoxli qoramolni o‘z ichiga olgan ishlab chiqarish tizimini boshqaradi va kuniga qariyb 3 ming tonna sut ishlab chiqaradi. Majmuada sun’iy intellekt hayvonlarning salomatligi, oziqlanishi va mahsuldorligini doimiy kuzatib boradi, robotlar yem-xashak tarqatadi, harorat nazorati, sog‘ish, sutni sovutish va saqlash jarayonlari esa to‘liq avtomatlashtirilgan.
Muzokaralar chog‘ida o‘zbekistonlik fermerlar bunday ilg‘or texnologiyalarni mahalliy sharoitda qo‘llash, zamonaviy sut-tovar majmualarini barpo etish va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy qilish masalalarini muhokama qildilar.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, “Ningxia Xingniu Rui International Trade” kompaniyasida ham bo‘lib, naslli yirik shoxli qoramollarni ko‘paytirish va yuqori mahsuldor zotlarni yetishtirish tajribasi hamda hayvonlarni xorijiy bozorlarga eksport qilish imkoniyatlarini o‘rgandilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi