O‘zbekiston elchisi Islomobod shahar hokimi bilan uchrashdi
Yanvar 03, 2026. 12:20 • 2 daq
• 345
ISLOMOBOD, 3-yanvar. / “Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Islomobod shahrini rivojlantirish maʼmuriyati (Capital Development Authority, CDA) raisi Muhammad Ali Randhava bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomi O‘zbekiston-Pokiston ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, hududlararo hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikning salohiyatli yo‘nalishlarini belgilab olish masalalari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, shahar infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha tajriba va mutaxassislar almashinuvlarini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro tashriflarni tashkil etish istiqbollariga eʼtibor qaratildi.
Muhammad Ali Randhava avvalgi oliy darajadagi tashriflar davomida Islomobod va Toshkent o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida imzolangan memorandum doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi va ularni yanada jadallashtirish muhimligini taʼkidladi.
Pokiston vakili Samarqand va Islomobod o‘rtasida qardoshlik, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni yanada yangi pog‘onaga olib chiqishga xizmat qiluvchi birodarlashgan shaharlar aloqalarini o‘rnatish taklifini bildirildi.
«Samarqand ko‘p asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lining markazi bo‘lib kelgan. Shuningdek, bu shahar qadimda xalqaro savdoni rivojlantirish va bilim almashishda katta rol o‘ynagan, sivilizatsiyalar o‘rtasida madaniy ko‘priklarni shakllantirgan. Biz afsonaviy Samarqand shahri va Islomobod o‘rtasida birodarlik aloqalari to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqish va imzolashga tayyormiz. Bundan tashqari, o‘zaro do‘stlik va birodarlik timsoli sifatida Islomoboddagi ko‘chalardan biriga va bog‘ga O‘zbekiston bilan bog‘liq nomni berish masalalarini ham birgalikda o‘rganib chiqishimiz mumkin. O‘zbekiston investorlari poytaxtimizdagi bog‘lardan biriga investitsiya kiritib, ekologik bog‘ barpo etishini taklif qilamiz”, – dedi CDA rahbari.
Tomonlar O‘zbekiston hududlari va Islomobod shahri o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni ilgari surish, turizm, transport va shaharsozlik sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida shaharsozlik sohalarida tajriba almashish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish va tomonlarni qiziqtirgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni tashkil etishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi