Xakasiya bilan mintaqalararo hamkorlik kengaytiriladi
Dekabr 25, 2025. 19:11 • 2 daq
• 279
ABAKAN, 6-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Xakasiya Respublikasi poytaxtida Xakasiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Roman Kovtun bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda Xakasiya turizm axborot markazi, Abakan aeroporti rahbariyati, Transport va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari vakillari ishtirok etdi.
Muzokaralarda tomonlar qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, turizm va madaniyat sohalarida hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekiston bosh konsuli O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish hajmining o‘sishi va Xakasiyadan mamlakatimizga qoramol yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha to‘xtalib o‘tdi.
Bugungi kunda Xakasiyada 182 ming boshga yaqin qoramol, 435 ming boshga yaqin ot mavjud bo‘lib, naslchilik masalasi bilan munitsipal ahamiyatga ega 8 ta tashkilot shug‘ullanadi. Shu bilan birga, Xakasiya yaylovlarida 6 oylikkacha bo‘lgan buzoqlarni bo‘rdoqiga boqish muhimligiga ham urg‘u berildi.
Hududlararo darajada, xususan, Farg‘ona viloyati bilan yanada faol hamkorlik qilish muhimligi taʼkidlandi.
Shu nuqtai nazardan, asosiy eʼtibor 2026-yil fevral-mart oylarida Xakasiyadan Farg‘ona viloyatiga biznes missiyasini tashkil etish masalasiga qaratildi. Xakasiya vakillarining O‘zbekiston ko‘magida mintaqa hududida o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi mutaxassislarining chuqur tajribasi va mahoratini hisobga olgan holda yil davomida sabzavot yetishtirish uchun zamonaviy issiqxonalar yaratishga qiziqishi yuqori ekani taʼkidlandi.
Ayni paytda Farg‘ona viloyati hokimligi va Xakasiya hukumati tomonidan turli sohalarda qo‘shma harakatlar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni imzolashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim masalalardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston tomoni 2026-yil iyun oyida Xakasiyada “Vatandoshlar” jamoat fondi va Rossiyaning ushbu mintaqasida yashovchi vatandoshlarimiz ishtirokida O‘zbekistonning madaniy va sayyohlik salohiyati bo‘yicha keng taqdimot o‘tkazish, Xakasiyaning yetakchi turoperatorlari tomonidan O‘zbekistonga tarixda birinchi tanishtiruv infoturini tashkil etishni taklif qildi.
Aniq kelishuvlarga erishish maqsadida 2026-yil fevral oyida tomonlar O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi, Xakasiya turizm axborot markazi vakillari hamda mamlakatimiz va Rossiya mintaqasining yetakchi sayyohlik firmalari vakillari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi.
Rossiya tomoni Toshkent–Abakan yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reysini ochishga katta qiziqish bildirdi. Uning fikricha, bu O‘zbekiston va Xakasiya o‘rtasidagi madaniy va sayyohlik hamkorligi ko‘lamini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi