Logo

TDShU o‘qituvchilari Dehlidagi nufuzli universitetda malaka oshirdi

Dekabr 31, 2025. 21:12 • 3 daq

216
TDShU o‘qituvchilari Dehlidagi nufuzli universitetda malaka oshirdi

DEHLI, 4-yanvar. /“Dunyo” AA/. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining hindiy va urdu tillari o‘qituvchilari Dehlidagi Javoharlal Neru universitetining Hind tillari markazida malaka oshirish imkoniga ega bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu malaka oshirish dasturi O‘zbekiston va Hindistonning ikki yetakchi oliy taʼlim muassasasi o‘rtasida imzolangan O‘zaro anglashuv memorandumining amaliy ijrosi bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev, JNU Hind tillari markazi raisi, professor Bandana Jha, TDSHU Sharq xalqlari tillari va adabiyoti instituti direktori Nilufar Xo‘jayeva, ikki mamlakatning yetakchi olimlari, tadqiqotchilari va ekspertlari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz diplomatik missiyasi rahbari taʼlim sohasidagi bu kabi almashinuvlar ikki xalq o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashda muhim omil ekanini taʼkidladi. TDSHUning 16 nafar o‘qituvchisidan iborat delegatsiyaning Dehliga tashrifi o‘zaro ishonchning yuqori darajasi va akademik muloqotni chuqurlashtirishga bo‘lgan intilish ramzidir.

Professor Bandana Jha mazkur kursning noyobligiga eʼtibor qaratdi. “O‘zbek olimlari va tadqiqotchilarining tashrifi biz uchun katta ilhom manbaidir. Ushbu dastur nafaqat tadqiqotlarimizning akademik ahamiyatini oshiradi, balki Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzviy taʼlim rishtalarini ham ifodalaydi”, — deb qayd etdi hind olimasi.

Tadbir ishtirokchilari ushbu dastur ikki yetakchi taʼlim muassasasining ilg‘or tajribalarini birlashtirishini hamda tilshunoslik, adabiyot va madaniyat sohasidagi qo‘shma tadqiqotlar uchun yangi imkoniyatlar ochishini alohida urg‘uladi.

Malaka oshirish dasturi kompleks xususiyatga ega bo‘lib, ikki bosqichga bo‘lingan. Xususan, 2025-yilning 19-noyabridan 24-dekabriga qadar ishtirokchilar 100 soatlik onlayn-sessiyalarni o‘tadi. JNU auditoriyalarida esa ilmiy maʼruzalar, amaliy mashg‘ulotlar va madaniy almashinuvlarni o‘z ichiga olgan 40 soatlik intensiv trening boshlandi.

Asosiy eʼtibor hindiy va urdu tillarini o‘qitishning zamonaviy metodikasiga, adabiyot va tilshunoslikdagi dolzarb yo‘nalishlarni o‘rganishga hamda filologik tadqiqotlar sohasida tajriba almashishga qaratilgan.

O‘zbekiston anʼanaviy ravishda Markaziy Osiyodagi yirik hindshunoslik markazlaridan biri hisoblanadi. Hindistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan Javoharlal Neru universiteti bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish o‘zbekistonlik sharqshunos mutaxassislarni tayyorlash sifatini yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi.

Ushbu loyiha nafaqat o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning til va uslubiy ko‘nikmalarini chuqurlashtirishga, balki uzoq muddatli akademik muloqotni rivojlantirish, ilmiy materiallar almashish va qo‘shma konferensiyalar o‘tkazishga ham yo‘naltirilgan. Dastur ikki davlat o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan taʼlim va madaniyat ko‘priklarining yorqin timsoliga aylandi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti — O‘zbekistonda yuqori malakali sharqshunos mutaxassislar, tilshunoslar va tarjimonlar tayyorlaydigan yetakchi oliygohdir. Javoharlal Neru universiteti esa Hindistonning ijtimoiy fanlar, xalqaro munosabatlar va tillar sohasidagi tadqiqotlari bilan nom qozongan eng nufuzli universitetlaridan biridir.

Dehlidagi tadbir hind OAVda keng yoritildi.Buxalqaro jamoatchilikning O‘zbekistonning gumanitar hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslariga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanini tasdiqlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish