Isroilning Beer-Sheva shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Avgust 13, 2026. 11:30 • 2 daq
• 51
BEER-ShEVA, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Beer-Sheva shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar ishtirokida madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekistonning 35 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘lida erishgan yutuqlariga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilarga mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy o‘zgarishlar, davlatchilikni mustahkamlash, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, aholi farovonligini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda mamlakatimizning jahon maydonidagi obro‘-eʼtiborini mustahkamlash borasida erishilgan natijalar haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Tadbirning ikkinchi qismida vatandoshlarni ijtimoiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash, xorijda xavfsiz va qonuniy mehnat faoliyatini taʼminlash, mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish, tibbiy sug‘urta, yashash sharoitlari hamda konsullik xizmatlarini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tushuntirildi. Elchixona vakillari mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish va zarur hollarda ularga amaliy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini atroflicha sharhlab berdilar.
Tadbir doirasida madaniy dastur ham tayyorlanib, turli tanlovlar o‘tkazildi. G‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi va ishtirokchilarga milliy taomlar tortiq qilindi.
Uchrashuv qatnashchilari mehnat migrantlarining huquqiy xabardorligini oshirish, ularni tashvishlantirayotgan masalalarni o‘z vaqtida aniqlash va hal etishga ko‘maklashishda bu kabi tadbirlarni o‘tkazish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi