Sulton Rayev: Yangi O‘zbekiston tajribasi o‘zining tizimliligi, muvozanati va yuqori moslashuvchanligi bilan ahamiyatlidir
Avgust 12, 2026. 08:10 • 9 daq
• 129
ISTANBUL, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi Sulton Rayev O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi:
– Janob bosh kotib, Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar boshlanganiga 10 yil bo‘lmoqda. Ushbu davr natijalarini qanday baholaysiz va mamlakatda ro‘y bergan qaysi o‘zgarishlar, Sizningcha, eng ahamiyatli hisoblanadi?
– Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi Yangi O‘zbekiston islohotlarining o‘n yilligi – bu nafaqat izchil ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot davri, balki davlat va jamiyat hayotining mutlaqo barcha jabhalarini qamrab olgan haqiqiy tarixiy uyg‘onish – Uchinchi Renessansdir.
Mintaqamizdagi jarayonlarni ko‘p yillardan buyon kuzatib kelayotgan madaniyat arbobi, yozuvchi va diplomat sifatida ishonch bilan ayta olamanki, donishmand ajdodlarimiz tomonidan ikki buyuk uyg‘onish davri – IX–XII asrlardagi Birinchi Renessans hamda XIV–XV asrlardagi Ikkinchi – Temuriylar Renessansi shaklida yaratilgan shonli tarixiy-madaniy merosga tayanib, O‘zbekiston ochiqlik, modernizatsiya va yetakchilik sari ulkan sifat sakrashini amalga oshirdi.
Bu saʼy-harakatlar sharofati bilan bugungi kunda biz ushbu qardosh mamlakat va jamiyatda yana bir muhim uyg‘onish jarayoni yuz berayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bunda “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so‘zlari sodir bo‘layotgan voqelikni to‘la aks ettirib, yana-da ulug‘vor maqsadlar sari ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Men eng muhim o‘zgarishlar qatorida avvalambor institutsional yangilanish va inson qadriga ko‘rsatilayotgan ehtiromni taʼkidlashni istayman. Mamlakat rahbari tomonidan “Inson qadri uchun” fundamental tamoyilining eʼlon qilinishi davlat boshqaruvi falsafasini o‘zgartirib yubordi. Iqtisodiyotning erkinlashtirilishi, keng ko‘lamli sud-huquq islohoti, mulk huquqining himoya qilinishi va tadbirkorlikning qo‘llab-quvvatlanishi mamlakat ichida butunlay yangicha ishonch muhitini shakllantirdi.
Maʼnaviy va madaniy yuksalish jarayoni alohida ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lining markazi va sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘z tarixiy missiyasini anglab yetdi. Milliy merosning tiklanishi, adabiyot va sanʼatning qo‘llab-quvvatlanishi, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon va boshqa qadimiy shaharlardagi noyob obidalarning restavratsiya qilinishi bunga yaqqol misoldir.
Inson kapitalining faollashtirilgani maktabgacha taʼlimdan tortib universitetgacha bo‘lgan taʼlim sohasiga kiritilayotgan keng ko‘lamli investitsiyalar, Prezident maktablarining tashkil etilishi, yoshlar tashabbuslarining qo‘llab-quvvatlanishi mamlakat taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Aniq strategiya, siyosiy iroda va xalqning qo‘llab-quvvatlashi natijasida qisqa tarixiy muddatlarda ham chuqur va keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirish mumkinligini O‘zbekiston butun dunyoga namoyish etdi.
– O‘zbekiston va TURKSOY o‘rtasidagi hamkorlikning qaysi natijalarini eng muvaffaqiyatli deb hisoblaysiz va kelajakda qanday qo‘shma loyihalar ustuvor ahamiyat kasb etishi mumkin?
– O‘zbekistonning Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga to‘laqonli va teng huquqli asosda integratsiyalashuvi hamda tizimli faolligi 1993 yilda turkiy davlatlar tomonidan tashkil etilgan va yangi davrdagi ilk xalqaro turkiy gumanitar-madaniy hamkorlik tashkiloti hisoblangan tuzilmamiz uchun muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston TURKSOY faoliyatiga o‘ziga xos madaniy teranlik, boy anʼanalar hamda yuksak darajadagi akademik va ijodiy tafakkurni olib kirdi.
So‘nggi yillardagi hamkorligimizning eng muvaffaqiyatli natijalari qatorida quyidagilarni qayd etgan bo‘lardim.
Xivaning 2020–2021 yillarda Turkiy dunyo madaniy poytaxti, Qo‘qonning esa turizm poytaxti deb eʼlon qilinishi xalqaro miqyosdagi yorqin voqea bo‘ldi. Bu jahon hamjamiyati eʼtiborini O‘zbekistonning noyob meʼmorchiligi va xalq hunarmandchiligiga jalb qilish imkonini berdi. Joriy yilning iyun oyida esa Andijon Turkiy dunyoning madaniy poytaxti deya eʼlon qilindi.
TURKSOY o‘z faoliyati hamda hamkorlarimiz tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasida mumtoz merosni asrab-avaylash va targ‘ib qilish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Xususan, o‘zbek zaminining Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abu Rayhon Beruniy kabi ko‘plab ulug‘ allomalari hamda XX asr adabiyoti namoyandalari Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Mahmudxo‘ja Behbudiyga bag‘ishlangan muhim tadbirlar, xalqaro anjumanlar va nashriyot loyihalarini amalga oshirdik.
Samarqandda “Sharq taronalari”, Termiz va Nukusda Baxshichilik sanʼati, Qo‘qonda Xalqaro hunarmandchilik festivallarining muntazam o‘tkazib kelinayotgani tufayli O‘zbekiston madaniy muloqot markaziga aylandi.
Kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida so‘z yuritganda turkiy madaniy merosni raqamlashtirish bo‘yicha saʼy-harakatlarni tilga olishimiz lozim. Bugun turkiy xalqlar qo‘lyozmalari va folklorining yagona raqamli kutubxonasini hamda elektron arxivini yaratish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan.
Yosh yozuvchilar, rassomlar, kinoijodkorlar, restavratorlar, arxeologlar hamda madaniy merosni asrash va o‘rganish bo‘yicha mutaxassislar uchun qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yishga eʼtibor kuchaytiriladi.
Birgalikda kino loyihalar yaratish, teatr festivallari o‘tkazish, turkiy dunyoning buyuk mutafakkirlari asarlari asosida tarixiy-biografik filmlar suratga olish va spektakllar sahnalashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
– O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri yana-da ochiq xalqaro siyosatni yaratishga qaratildi. Sizningcha, bu o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyatning ishonchini mustahkamlashga qanchalik hissa qo‘shdi?
– Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan shakllantirilgan va mamlakat atrofida barqarorlik hamda ochiqlik muhitini yaratishga qaratilgan O‘zbekistonning yangi tashqi siyosiy doktrinasi bugun xalqaro hamjamiyat tomonidan haqli ravishda samarali mintaqaviy diplomatiyaning ibratli namunasi sifatida baholanmoqda.
Eng asosiy yutuq qo‘shnilar bilan ittifoqdosh bo‘lishdir. Markaziy Osiyoda pragmatik, yaxshi qo‘shnichilik va proaktiv siyosat yuritilmoqda. O‘zbekiston chegaralarni demarkatsiya qilish, suv resurslaridan tejamli foydalanish, transport kommunikatsiyalari bo‘yicha ko‘p yillik o‘tkir masalalarni hal etishga va sunʼiy to‘siqlardan xalos bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Rasmiy Toshkent tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati mintaqani jipslashtirib, uni potensial xavf-xatarlar zonasidan barqarorlik, ishonch va umumiy o‘sishning yagona makoniga aylantirdi.
Aynan mana shu yaxshi qo‘shnichilik siyosati Toshkentga nisbatan BMT, Yevropa Ittifoqi, YEXHT, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa yetakchi xalqaro tuzilmalarning yuksak hurmatga asoslangan munosabatini shakllantirdi. Bugungi kunda O‘zbekiston nafaqat mintaqaning muhim davlati, balki konstruktiv global kun tartibini shakllantirishga qodir bo‘lgan, masʼuliyatli va ishonchli xalqaro huquqiy hamkor sifatida tan olinmoqda.
– Bugun O‘zbekiston barqaror rivojlanish, “yashil” iqtisodiyot, raqamli transformatsiya, madaniyat, adabiyot, taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi tashabbuslarni faol ilgari surmoqda. Yaqin yillarda ushbu sohalarda TURKSOY doirasidagi hamkorlik uchun qanday imkoniyatlarni ko‘ryapsiz?
– Bugungi kunda madaniyat va taʼlim barqaror rivojlanish hamda ekologik tafakkur tushunchalari bilan chambarchas bog‘liqdir. TURKSOY O‘zbekistonning zamonaviy ustuvorliklariga mos keladigan qator loyihalarni tayyorlamoqda.
O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish hamda uni 34 harfdan iborat Umumturkiy alifbo standartlariga izchil yaqinlashtirish borasidagi qadamlar butun turkiy dunyo uchun fundamental ahamiyatga ega. TURKSOY bu tarixiy jarayonni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi.
Yaqin yillarda biz har tomonlama ekspert, ilmiy-uslubiy va noshirlik yordamini ko‘rsatish niyatidamiz. Bu borada o‘zbek va boshqa turkiy tillar o‘rtasida badiiy hamda ilmiy adabiyotlarni transliteratsiya qilish va tarjima qilishni sinxronlashtirish uchun yagona akademik standartlarni ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega. Yangilangan yozuv asosida qo‘shma taʼlim dasturlari, terminologik lug‘atlar va matnlarning elektron korpuslarini yaratishni rejalashtirganmiz. Bu esa turkiy xalqlar o‘rtasidagi til muloqoti va o‘zaro anglashuvni sezilarli darajada osonlashtiradi.
Orolbo‘yi muammosi – butun turkiy dunyoning umumiy dardi va tashvishidir. Biz TURKSOY doirasida jahon ijodiy ziyolilari eʼtiborini Orol havzasi ekologiyasiga jalb etish maqsadida Nukus va Mo‘ynoqda xalqaro simpoziumlar, yozuvchi va rassomlarning ekologik forumlarini o‘tkazishni maqsad qilganmiz.
TURKSOY tarjimonlik ishiga sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etishni hamda tillarni saqlab qolishni faol qo‘llab-quvvatlaydi. Biz innovatsion platformalardan foydalangan holda o‘zbek mumtoz adabiyoti vakillari va zamonaviy mualliflarning asarlarini barcha turkiy xalqlar tillariga tarjima qilish uchun O‘zbekiston IT-parklari imkoniyatini ishga solish niyatidamiz.
O‘zbekiston kreativ sanoatni rivojlantirish bo‘yicha mintaqada tan olingan yetakchilardan biridir. Biz O‘zbekistonning tarixiy markazlarini Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Turkiyaning madaniy obyektlari bilan bog‘laydigan, masalan, turkiy dunyoning buyuk mutafakkirlari izidan transchegaraviy madaniy-turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqmoqchimiz.
– Sizningcha, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirgan tashabbuslardan qaysilari nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo va butun xalqaro hamjamiyat uchun muhim ahamiyatga ega?
– Toshkentning strategik tashabbuslari orasida global ahamiyatga molik uchta asosiy loyihani alohida taʼkidlagan bo‘lardim.
Avvalambor, bu Markaziy Osiyoda hamkorlikni institutsionallashtirishdir. Shu maʼnoda, mintaqa mamlakatlari yetakchilarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmining yo‘lga qo‘yilishi fundamental bosqich bo‘ldi. Bu iqtisodiy integratsiyaga, shaffof transport-logistika yo‘laklarini yaratishga hamda mintaqaning 80 millionlik aholisi uchun oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlashga zamin yaratdi.
Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi strategiyasi muhim ahamiyatga ega. “O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” temir yo‘lini, yaʼni Transafg‘on yo‘lagini qurish tashabbusi Yevroosiyoning geoiqtisodiy xaritasini tubdan o‘zgartirishga qodir asr loyihasidir. Bu Markaziy Osiyo davlatlariga jahon okeani portlariga chiqish uchun eng qisqa yo‘lni ochib beradi.
Orolbo‘yi mintaqasiga qaratilgan xalqaro tashabbuslar diqqat markazida bo‘ladi. O‘zbekiston tashabbusi bilan Orolbo‘yining ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilingani hamda BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi imzolangani mahalliy atrof-muhim muammosini xalqaro ilmiy va ekologik hamkorlik loyihasiga aylantirdi.
Madaniyat sohasida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida turkiy dunyo birligiga qo‘shgan hissasi uchun Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotning taʼsis etilishi tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu qadam turkiy mamlakatlar ziyolilari tomonidan yuksak eʼtirof bilan kutib olindi.
– Xalqaro ekspertlar Yangi O‘zbekiston islohotlari tajribasini mintaqadagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarning yorqin namunasi sifatida ko‘rmoqda. Sizningcha, bu tajribaning qaysi jihatlari boshqa davlatlar uchun alohida qiziqish uyg‘otadi?
– Yangi O‘zbekiston tajribasi o‘zining tizimliligi, muvozanatliligi va yuqori moslashuvchanligi bilan ahamiyatlidir.
Xorijiy davlatlar tezkor iqtisodiy islohotlarning kuchli ijtimoiy himoya bilan uyg‘unlashtirilgani katta qiziqish uyg‘otadi. O‘zbekiston vayronkor “shok terapiyasi”dan voz kechdi. Valyuta bozorini erkinlashtirish, soliq islohoti va xususiylashtirish jarayonlari ijtimoiy yordam ko‘lamini manzilli kengaytirish hamda xalq ehtiyojlarini hal etishning birlamchi bo‘g‘ini sifatida mahalla institutini rivojlantirish bilan birga olib borildi.
Hokimiyat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotda ochiqlik tamoyili taʼminlandi. O‘zbekiston Prezidenti Xalq qabulxonalarining o‘ziga xos instituti ijtimoiy keskinlikni yumshatgan va mansabdor shaxslar masʼuliyatini oshirgan tezkor hamda samarali aloqa kanaliga aylandi.
Globallashgan davrda milliy o‘zlikni saqlab qolishga erishilmoqda. O‘zbekiston milliy qadriyat, keksalarga ehtirom, anʼana va ona tiliga hurmatni yo‘qotmagan holda zamonaviy IT-klasterlar, moliya markazlari va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini qurish mumkinligini ko‘rsatdi. Aynan tarixiy ildizlarga sodiqlik va kelajakka intilish o‘rtasidagi uzviy muvozanat ushbu tajribani chinakam ibratli qilib ko‘rsatadi.
– Yangi O‘zbekiston islohotlarining 10 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz xalqi va rahbariyatiga tilaklaringiz.
– TURKSOY hamda shaxsan o‘z nomimdan qardosh O‘zbekiston xalqi va muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevni ushbu qutlug‘ sana bilan chin dildan tabriklayman!
O‘zbekiston – o‘tmishi shonli, kelajagi yana-da buyuk bo‘lgan tabarruk zamindir. Sizlar o‘tgan davr ichida Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini qo‘ymoqdasiz.
Birodar o‘zbek xalqiga tinchlik, musaffo osmon, so‘nmas birdamlik, farovonlik va mustahkam salomatlik tilayman!
Yangi O‘zbekiston Yevroosiyoda ilm-fan, madaniyat, tinchlik va totuvlik tayanchi bo‘lib, taraqqiyot yo‘lidan ishonch bilan odimlashda davom etsin.
Ishonchim komilki, yaqin yillarda O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoning iqtisodiy va madaniy lokomotivi sifatidagi maqomini mustahkamlaydi, balki dunyoga Ulug‘bek, Navoiy va Beruniy shuhratiga munosib bo‘lgan buyuk olimlar, yozuvchilar, mutafakkirlar va davlat arboblarining yangi nomlarini ham tuhfa etadi.
Do‘stligimiz va Turkiy dunyoning madaniy birdamligi kundan-kunga mustahkamlanib boraversin!
Yana bir bor go‘zal O‘zbekistonga tinchlik, farovonlik va muvaffaqiyat tilayman!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi