AQSh davlat departamenti “tug‘uruq turizmiga” qarshi ishchi guruhi tuzdi

Avgust 13, 2026. 12:17 • 2 daq

29
AQSh davlat departamenti “tug‘uruq turizmiga” qarshi ishchi guruhi tuzdi

VASHINGTON, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSh davlat departamenti “tug‘uruq turizmi”, yaʼni farzand ko‘rish va unga Amerika fuqaroligini olish maqsadida mamlakatga noimmigratsion viza bilan kirish amaliyotiga qarshi kurashish bo‘yicha ishchi guruhi tuzdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlat departamentining maʼlum qilishicha, yangi tuzilma bunday holatlarni aniqlaydi, qoidabuzarlar va ularga ko‘maklashgan shaxslarning vizalarini bekor qiladi hamda tijoriy vositachilar faoliyatiga chek qo‘yadi. Idora maʼlumotlarni boshqa federal organlar, jumladan, Ichki xavfsizlik vazirligi bilan birgalikda tahlil qilmoqchi.

Davlat departamentining maʼlum qilishicha, bugungi kunga qadar 600 nafardan ortiq xorijiy fuqaroning vizasi bekor qilingan. Idoraning tushuntirishicha, hujjatlar shaxsning AQShga kirishi uchun nomaqbul bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi alomatlar mavjud bo‘lganda bekor qilinadi.

Amerika hukumati maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu amaliyot atrofida daromadli sanoat shakllangan. O‘zlarini doula, doya yoki sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahatchi deb tanishtiradigan vositachilar AQShda tug‘uruqni tashkil etish, viza olish va shifoxona tanlashda yordam taklif qilmoqda. Aytilishicha, ularning baʼzilari tibbiy hujjatlarni soxtalashtirib, mijozlariga safarning asl maqsadini yashirishni o‘rgatadi.

Tekshiruvlar davomida viza rasmiylashtirishda yolg‘on maʼlumot taqdim etish holatlari ham aniqlangan. Bir juftlik AQShda farzand ko‘rish niyatida bo‘la turib, safar maqsadi sifatida ikki marta anjuman va dam olishni ko‘rsatgan. Boshqa bir holatda, xorijlik davlat xizmatchisi bir haftalik xizmat safari uchun viza olgan, biroq mamlakatda uch oy qolib, farzandli bo‘lgan. Yana bir ayol Orlandoga ketayotganini aytib, Los-Anjelesga yo‘l olgan va mamlakatga kirganidan besh kun o‘tib, farzandini dunyoga keltirgan.

Davlat departamenti safarning asl maqsadini qasddan yashirish viza olish yoki AQShga kirishdan umrbod mahrum qilishga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

“Amerika fuqaroligi sotilmaydi”, – deya taʼkidladi davlat kotibi Marko Rubio. U hukumat “tug‘uruq turizmini” tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi tarmoqlarni yo‘q qilish uchun barcha mavjud vositalardan foydalanishini qayd etdi.

“EPA” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish